Kelajak avlod daraxtga e’tiqod qilishni boshlab yubormasa bo‘ldi – Alisher Qodirov
Jamiyat
−
19 iyul 10968 2 daqiqa
So‘nggi kunlarda tadbirkor Murod Nazarovning Toshkent shahrida qurilish qilayotganlarga daraxt kesishga qo‘yilgan cheklovni bekor qilishni taklif qilgani ko‘plab muhokamalar va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, Ekopartiya deputatlari “qayta ekish” nomi bilan ekilgan ko‘chatlar qurib qolganini bildirib, daraxt kesish moratoriyini bekor qilishga qarshi chiqqandi.
Biroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov bu borada boshqacha fikrda. U “daraxt kesilmasin, degani, mutlaqo kesilmasin emas, zarur bo‘lsa kesilishi mumkin, degani bo‘lishi kerak”, deb hisoblaydi.
“Ishxona oldidagi qurt yeb bitirgan daraxtni oldirib tashlash uchun 1 yil qog‘oz qildik, hamma bir-biriga soladi! Kesishga kelganlarni ko‘rib yig‘lashni ham kulishni ham bilmaysan, daraxt kesish emas, odamni dorga osishga kelishgandek…
Albatta, daraxt kerak, havo yetmayapti, lekin unutmaylik, daraxtni inson uchun asraymiz, insonni daraxt uchun emas!
Bu ketishda kelajak avlod dinini unutib, daraxtga e’tiqod qilishni boshlab yubormasa…
Daraxtni himoyasiga birlashgandek suv, yer, energoresurslar, oziq-ovqat va vaqt, qolaversa o‘zligimizni isrofiga qarshi ham birlasha olsak edi!” deydi Alisher Qodirov.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2021 yil 31 dekabrdagi Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan. Farmon bilan Jarimalar besh baravarga, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori esa ikki baravarga oshirilgan. Qolaversa, daraxtlarni har qanday holatda kesish yoki yo‘q qilish to‘g‘risida hukumat farmoyishlari va hokimlar qarorlarini qabul qilish taqiqlangan.
Live
Barchasi