“Bu ekologik jinoyat”. Deputatlar Murod Nazarovning taklifiga qarshi chiqdi
Jamiyat
−
19 iyul 9406 4 daqiqa
17 iyul kuni Savdo-sanoat palatasining qurilish sohasiga bag‘ishlangan yig‘ilishida tadbirkor Murod Nazarov Toshkent shahrida qurilish qilayotganlarga daraxt kesishga cheklov qo‘yish noto‘g‘ri ekanini, buning o‘rniga kesiladigan daraxtlarning o‘rniga avvaldan bir necha karra ko‘p daraxt ekilishi kerakligini aytgandi. Bu esa ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham tadbirkorning bu taklifiga munosabat bildirmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan saylangan deputat Javlon Abdullayev daraxt kesishga moratoriy bejizga e’lon qilinmaganini aytib chiqdi. Uning fikricha, agar moratoriy joriy etilmaganida, bugungi kunda Toshkent cho‘lda qolgan bo‘lar edi. Shuningdek, deputat moratoriyning ahamiyati juda katta ekanini, ayrim noqonuniy daraxt kesish holatlariga qaramasdan, ushbu chora-tadbir tufayli 98 foizdan ortiq daraxtlarning kesilishiga yo‘l qo‘yilmaganini qayd etgan.
“Alohida ta’kidlash lozim, suv tanqisligi va global issiqlik kabi muammolar yurtimizda kun sayin sezilarli tus olayapti. Bu holatda kelajak avlod uchun har bir daraxtni asrab qolishimiz o‘ta muhim vazifa hisoblanadi. Bitta daraxtni katta qilib o‘stirish uchun kamida o‘n yillab vaqt, sabr va doimiy parvarish talab etiladi.
Har bir daraxt kislorodni chiqarish orqali havoni tozalashi, shovqin darajasini pasaytirishi, haroratni tartibga solishi, tuproq eroziyasini oldini olishi kabi vazifalarni bajarishini nahotki developer bilmasa!?” deydi deputat Javlon Abdullayev.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi olti oyi davomida daraxtlarni kesish bo‘yicha kelib tushgan 3 235 ta ariza rad etilgani natijasida 453 238 ta daraxtni kesishning oldi olingan. Rad etilgan arizalarda ko‘rsatilgan daraxtlar orasida 86 309 tasi qimmatbaxo navlarga mansub ekani ma’lum qilingan.
“So‘nggi paytlarda “qayta ekish” nomida ko‘chirilayotgan yoki yangi ekilgan ko‘chatlarning aksariyati ko‘karmayotgani, qurub qolayotganini jamoatchilik ko‘rib, kuzatib turibdi. Bu kabi tadbirlar, tabiatni asrash emas, aksincha, faqat daraxtlarni yo‘q qilish orqali ekologiyani yanada yomon ahvolga solayotganini ko‘rsatmoqda”, deydi deputat.
Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi yondashuv nafaqat ekologik muvozanatga, balki O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida mustahkamlangan atrof-muhitni muhofaza qilish tamoyillariga mutlaqo zid hisoblanadi.
“Agar har kim daraxtni o‘z hududidagi to‘siq sifatida ko‘rib, uni kesishni “muqobil ekish” bilan almashtirsa, bu – tabiatga qarshi ochiqchasiga tajovuz, ya’ni ekologik jinoyat sanaladi”, deydi u.
Deputatning qayd etishicha, rivojlangan mamlakatlarda noqonuniy kesilgan har bir daraxtning hatto santimetri uchun moliyaviy javobgarlik belgilangan — ayrim hollarda developerdan yerni qaytarib olishgacha boriladi, daraxtlarni kesish emas, xattoki shikastlangan va qurib qolish xavfi ostidagi daraxtlarni “tiriltirish” bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bunday yondashuvlar tabiatni muhofaza qilishda samarali natija bermoqda.
“O‘zbekistonda ham bu borada keskin choralar ko‘rish, qonunchilikka ana shunday ta’sirli mexanizmlarni joriy etish vaqti yetib keldi.
Biz, Ekopartiya deputatlari tadbirkorlarning bu kabi tabiatga beshafqat munosabtalari va takliflariga mutlaqo qarshimiz. Bu kabi chuqur tahlil qilinmasdan bildirilgan takliflar kelgusida tabiatga befarqlik bilan yondashish va ekologik barqarorlikka tahdid soluvchi holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuni qat’iy ta’kidlaymiz: har qanday rivojlanish, bunyodkorlik va rekonstruksiya ishlari ekologik manfaatlar hisobiga emas, ular bilan muvozanatda olib borilishi lozim.
Qonunchilik tashabbusi sifatida renovatsiya loyihasini amalga oshirishda zarar yetkazilishi mumkin bo‘lmagan ob’ekt sifatida moratoriy e’lon qilingan daraxt va butalarning joylashgan joyini qonuniy mustahkamlashga astoyidil xarakat qilamiz”, deydi u.
“Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov ham moratoriy muhokama mavzusi emasligini bildirdi.
“Developer daraxt kesishni qonuniylashtirish kerak, deyapti. Ekologlar esa developerlar uylarini shahardan tashqarida qursin, deyapti. Nima haqiqat ekanligini belgilovchi – bu jamoatchilik. Bugun odamlar shahar markazida qurilishlar emas, yashil hududlarni ko‘paytirish tarafdori.
Bitta chinor biroz soya berishi uchun 7-10 yil vaqt kerak. Taklif berayotgan developer shuncha yil oldin daraxt ekib, bog‘ yaratdimi?” deya savol qo‘ygan deputat.
Live
Barchasi