Daraxt kesish uchun daraxt ekish jarimadan ozod qilmaydi – Hukumat qarori
Jamiyat
−
23 avgust 2022
4879Endilikda daraxt va butalarni kompensatsiya tarzida ekish daraxtlarni kesishga ruxsatnoma berish uchun yig‘imni yoki ularni noqonuniy kesganlik uchun jarimalarni to‘lashdan ozod qilmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kecha, 22 avgust kuni qabul qilingan “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorda aytilgan.
Qarorga muvofiq, daraxt va butalarni kompensatsiya tarzida ekish daraxtlarni kesish uchun ruxsatnoma berish uchun yig‘imni yoki ularni noqonuniy kesganlik uchun jarimalarni to‘lashdan ozod qilmaydi.
Kompensatsiyaviy ekish joylari “Yashil bog‘lar” va “Yashil jamoat parklari”, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish uchun mo‘ljallangan boshqa hududlardan tanlanadi.
Shuningdek, 2022 yil 31 dekabrgacha qarovsiz qolgan daraxtlar xatlovdan o‘tkaziladi va yaqin hududdagi mulkdorlarga biriktiriladi.
Hokimliklar tomonidan 1 sentyabrgacha kuzgi va 1 fevralgacha bahorgi ko‘chat ekish hajmlari bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlanadi.
Daraxt va butalarning zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish tadbirlariga mahalliy byudjetlar qo‘shimcha manbalarining 2 foizigacha mablag‘ ajratiladi.
Qaror bilan Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish hamda ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda daraxtlar va butalarni ekish uchun joylar tanlash, ularni ekish, sug‘orish, oziqlantirish va butalash tartibi belgilangan.
LiveBarchasi