Qashqadaryoda 21 tup qayrag‘ochni kesgan fuqaro jarimaga tortildi
Jamiyat
−
13 noyabr 2023
3604Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida fuqaro 21 tup qayrag‘och daraxtini noqonuniy kesib tashladi. Bu haqda viloyat ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyati Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi Kitob tuman inspektorlari hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda ekologik nazorat tadbiri o‘tkazilgan.
Unda fuqaro tomonidan fermer xo‘jaligi yer maydoni atrofidan 21 tup qayrag‘och hech qanday ruxsatnomalarsiz kesilgani aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan tabiatga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanganida 180 million 840 ming so‘mni tashkil qilgan. Holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar tuman prokuraturasiga taqdim etilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda yanvar-sentyabr oylarida daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 2427 ta huquqbuzarlik holati qayd etilgan. Ushbu holatlarda 714 tup qimmatbaho navli daraxt noqonuniy kesilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Toshkent tumanida joylashgan “Darxon” ilmiy-tajriba stansiyasi (Dendropark) hududida daraxtlarni nobud qilish, yer ajratish va undan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ko‘plab holatlar aniqlangan edi.
Prokuraturaga ko‘ra, hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining 198-(Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) va 205-(Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
LiveBarchasi