Samarqanddagi ko‘p yillik chinorlarga zarar yetkazildi

Jamiyat

image

Samarqand shahridagi ko‘p qavatli binolar atrofidagi bir necha tup chinor daraxtlarining yon shoxlarini kesib, jiddiy zarar yetkazilgani aniqlandi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot kotibi Sherali Iskandarov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi. 

Unga ko‘ra, kecha, 28 oktyabr kuni Samarqand shahrining Sartepo maskani “Zulfiya” MFY hududida shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi inspeksiyasi davlat inspektorlari, Milliy Gvardiya, prokuratura, IIB patrul-post xizmati xodimlari tomonidan kuzatuv reyd tadbiri o‘tkazilgan. 

Unda mazkur MFY hududida yashovchi fuqaro bir necha tup chinorning yon shoxlari kesib, daraxtlarga jiddiy zarar yetkazgani aniqlangan. 

Mazkur holat yuzasidan ushbu fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima jazosi tayinlangan.

Voqea joyidagi ashyoviy dalillar – texnik qurilmalar, o‘tin holiga keltirilgan daraxt shoxlari va ular yuklangan avtomobillar tegishli tartibda olib qo‘yilib, vaqtincha saqlash maydoniga joylashtirilgan. 

“Hozirda holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Ish yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, deydi Sherali Iskandarov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Toshkent tumanida joylashgan “Darxon” ilmiy-tajriba stansiyasi (Dendropark) hududida daraxtlarni nobud qilish, yer ajratish va undan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ko‘plab holatlar aniqlangan edi.

Prokuraturaga ko‘ra, hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining 198-(Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) va 205-(Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand daraxtkushlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing