Endi daraxt kesganlar novda ekib, uch yil parvarish qiladi
Jamiyat
−
21 noyabr 2023
3976Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesgan yoki yo‘q qilgan shaxslar kesilgan daraxt va buta o‘rniga kompensatsiyaviy tarzda ularni ekish hamda uch yil davomida parvarish qilish majburiyati belgilanmoqda. Bu bo‘yicha kecha, 20 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik yoki shikastlantirganlik uchun ma’muriy jazo choralari kuchaytirilib, bir-birini takrorlovchi normalar chiqarib tashlanmoqda.
Bundan tashqari, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesgan yoki yo‘q qilgan shaxslarning kesilgan daraxt va buta o‘rniga kompensatsiyaviy tarzda ularni aynan daraxt va buta kesilgan joyga ekish hamda uch yil davomida parvarish qilish majburiyati belgilanmoqda. Shu bilan birga, daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesganlik yoki yo‘q qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.
Ushbu qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullangan.
LiveBarchasi