Ekologik partiya rahbari Mo‘ynoqdagi elektorat vakillari bilan uchrashdi 

Jamiyat

image

Bugun, 28 sentyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Abdushukur Xamzayevning partiya elektorati vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, O‘rmon xo‘jaligi agentligi, Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi xodimlari, turizm sohasi vakillari, nuroniylar, yoshlar va xotin-qizlar faol ishtirok etdi. 

Uchrashuvda partiya rahbari O‘zbekiston Ekologik partiyasining saylovoldi dasturi haqida batafsil ma’lumot berib, ilgari surilayotgan takliflar elektorat xohish-istaklarini inobatga olgan holda tuzib chiqilgani, barcha o‘zbekistonliklarning ekologik huquqlarini ta’minlashga xizmat qilishi, shuningdek, ekologiyaga aloqador bo‘lgan yuqoridagi sohalar rivojiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi haqida so‘z yuritdi. 

Iqlim o‘zgarishining eng ayanchli salbiy oqibatlaridan biri bo‘lmish Orol fojiasidan xulosa qilgan holda amalga oshirish zarur deb hisoblanayotgan partiyaning saylovoldi dasturidagi quyidagi vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tildi: 

  • respublikaning qurg‘oqchil hududlarida istiqomat qilayotgan aholi orasida ekologik muammolar tufayli yuzaga kelayotgan kasalliklarni aniqlash, doimiy monitoring qilib borish va ularning oldini olish choralarini ko‘rish;
  • mamlakatning iqlim “yuki” monitoringini va iqlim hisobini yuritib borish mexanizmlarini joriy etish;
  • iqlim o‘zgarishiga chidamli yangi nav va zotlar yaratishni rag‘batlantirish, ushbu yo‘nalishda olib boriladigan tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish;
  • Orolbo‘yi hududida xalqaro moliya institutlarini bioxilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishini yumshatish, cho‘llanishning oldini olishga qaratilgan loyiha va dasturlarga keng jalb etish;
  • Orolbo‘yi mintaqasida joylashgan Qizilqum cho‘li hududida sahroga mos o‘simliklar ekish orqali qum-bo‘ronlar ko‘tarilishining oldini olish va yaylovlar degradatsiyasini to‘xtatish; 
  • Ramsar ro‘yxatiga kiritilgan “Sudoche-Akpetki” davlat buyurtma qo‘riqxonasining Sudoche ko‘llar tizimidagi Sudoche ko‘lida va boshqa kichik ko‘llarda suv sathi pasayishining oldini olish choralarini ko‘rish;
  • Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hududida ekotizimni tiklash hamda ekoturizmni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish.

Uchrashuvda mazkur tashabbuslarning ijro etilishi uchun hamjihatlikda harakat qilishini va doimiy ravishda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish zarurligi ta’kidlandi.  

Shuningdek, partiya faollari tomonidan o‘tgan 5 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida  amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berilib, bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirish va hudud iqlimini yaxshilash partiyaning eng katta maqsadlaridan ekanligi qayd etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qoraqalpog'iston Respublikasi Mo'ynoq Ekologik partiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing