Daniya Trampning bayonotlari fonida 500 yillik gerbini o‘zgartirdi
Olam
−
07 yanvar
8246Daniya 500 yildan beri amal qilib kelayotgan davlat gerbini o‘zgartirishga qaror qildi. Ushbu qaror AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning Grenlandiyani AQSHga qo‘shish bo‘yicha bayonotlari fonida qabul qilingan. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Daniya qiroli Frederik X gerbdan uchta toj tasvirini olib tashlashni buyurgan. Ushbu tojlar Daniyaning Norvegiya va Shvetsiya bilan bir vaqtlar yagona uniyada bo‘lganini ifodalagan. Endilikda gerbda Grenlandiyani ifodalovchi oq ayiq hamda Farer orollarini ifodalovchi qo‘chqor alohida aks etgan.
Daniya gerbi o‘zgartirilgani haqidagi xabarlar ortidan Tramp Grenlandiyaga o‘g‘lini jo‘natishini aytib, agar orol AQSHning bir qismiga aylansa, mahalliy aholiga “ulkan foyda” keltirishga va’da bergan.
Grenlandiya Bosh vaziri Myute Egede esa orolning hech qachon sotilmasligini ta’kidlab, Grenlandiyaning mustaqillikka erishish istagi borligini ma’lum qilgan. Xususan, u yangi yil tabrigida orol hukumati konstitutsiya loyihasini allaqachon tayyorlaganini e’lon qilgan.
Ma’lumot uchun, Grenlandiya dunyodagi eng katta orol bo‘lib, uning umumiy maydoni 2,166 million kvadrat kilometrni tashkil etadi. Maydonning deyarli 80 foizi muz bilan qoplangan. U Shimoliy Amerikaning shimoli-sharqida joylashgan. Orolda 50 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi, ularning asosiy qismini inuitlar (eskimoslar) tashkil etadi. Grenlandiya mustaqil davlat emas, balki Daniya tarkibidagi avtonom hudud hisoblanadi. Asosiy aholi punktlari janubi-g‘arbiy qirg‘oq bo‘ylab joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabrida Donald Tramp Grenlandiya AQSH uchun “milliy xavfsizlik va butun dunyoda erkinlikni ta’minlash maqsadida” kerak ekanini ta’kidlagan edi. U o‘zining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifasida “Grenlandiyani yana buyuk qilamiz” degan shiorni yozib, bu boradagi da’vosini bildirgan.
LiveBarchasi