Tramp niyatiga yetdi: Grenlandiya bo‘yicha kelishuv imzolandi (video)

Olam

image

Bugun, 22 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi doirasida AQSH Prezidenti Donald Tramp, Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen va Grenlandiya Bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen orol xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarning bir qismi Vashingtonga o‘tishiga oid kelishuvni imzoladi. Hujjatni imzolash marosimi translyatsiyasi Oq uyning YouTube-kanalida e’lon qilindi.

Hujjat AQSHga Grenlandiyada harbiy ishtirokini oshirish, shu jumladan orolda ikkita harbiy baza qurish jarayonini darhol boshlash imkonini beradi.

Bundan tashqari, kelishuvda:

  • NATO tarkibiga kirmaydigan mamlakatlarning harbiy bazalarini Grenlandiyada joylashtirishni taqiqlash; 
  • Xitoy va Rossiyadan yo‘naltiriladigan investitsiyalarni bloklash imkonini beruvchi investitsiyalarni tekshirish mexanizmini yaratish; 
  • Grenlandiya aholisi uchun o‘z siyosiy kelajagini mustaqil tanlash imkoniyati hamda AQSHga biror-bir hududni topshirish haqidagi normalarning yo‘qligi nazarda tutilgan.

“Biz tegishli hududlarda sezilarli harbiy ishtirokni o‘rnatishni darhol boshlaymiz. Biz ikkita juda yirik harbiy baza quramiz. AQSH raqiblaridan hech biriga bundan buyon bizning yozma ruxsatimizsiz Grenlandiyada harbiy ishtirok o‘rnatishga yoki u yerda nozik investitsiyalarni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deydi Tramp. 

U bu AQSH hukumati hamda Daniya va Grenlandiya rahbariyati o‘rtasidagi kelishuvlarda nazarda tutilganini qayd etgan.

Shuningdek, Trampning ishonch bildirishicha, kelishuv doirasida AQSH hech qanday moliyaviy xarajatlarsiz orol xavfsizligi ustidan nazoratni qo‘lga kiritadi, Pentagon esa darhol orolda yirik harbiy kontingentni joylashtirishni boshlaydi. Bitim muddatsiz xarakterga ega.

AQSH Davlat kotibi Rubio kelishuvni sharhlar ekan, Grenlandiyadagi Amerikaning harbiy ishtiroki AQSH raketaga qarshi mudofaasining birinchi chizig‘iga aylanishini, chunki mamlakat hududiga ehtimoliy raketa zarbalari aynan Arktika orqali berilishini ma’lum qilgan.

“Bu kelishuv AQSH, Grenlandiya, Daniya va NATO uchun, demak, Yevropa uchun ham manfaatlidir. Siz raqiblarning juda yaqinlashishini istamaysiz. Men to‘la qo‘shilaman. Biz ularga Grenlandiya ustidan har qanday nazoratni qo‘lga kiritishga yoki u yerda sezilarli ta’sirga ega bo‘lishga yo‘l qo‘yilmasligiga erishyapmiz. Shu bilan birga, biz Arktikada ko‘proq ittifoqchilar ishtirok etishini ta’minlamoqdamiz”, deydi Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen Trampga murojaat qilar ekan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 sentyabr kuni Tramp AQSH va Daniya Grenlandiya xavfsizligini ta’minlash ustidan nazoratni Vashingtonga topshirish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgan edi. U Qo‘shma Shtatlar oroldagi harbiy ishtirokini darhol kengaytirishni boshlashini va Amerika dushmanlari u yerda o‘z harbiy bazalarini joylashtira olmasligini aytgan edi. Daniya va Grenlandiya hokimiyat organlari orol suvereniteti Vashingtonga topshirilmasligini alohida ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing