AQSH, Daniya va Grenlandiya xavfsizlik bo‘yicha bitim imzolaydi
Olam
−
09:50 424 1 daqiqa
Daniya, Grenlandiya va AQSH kelasi hafta Arktika va Shimoliy Atlantikada xavfsizlikni mustahkamlaydigan kelishuvni imzolashi mumkin. Bu haqda Daniya hukumati saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, uch mamlakat hukumatlari kelasi hafta BMT Bosh Assambleyasi doirasida bitimni imzolashi kutilmoqda. Kelishuv imzolanganidan keyin kuchga kirishidan oldin zarur parlament protseduralaridan o‘tishi kerak bo‘ladi.
“Grenlandiya, Daniya Qirolligi, AQSH va G‘arb alyansi xavfsizligini ta’minlaydigan va mustahkamlaydigan kelishuv tuzilishiga yaqinlashayotganimizdan xursandman. Bitim Grenlandiya manfaatlarini va xalkaro hamkorlikdagi o‘rnimizni tan oladi. Bu barchamiz uchun manfaatlidir”, deydi Grenlandiya hukumati rahbari Yens-Frederik Nilsen.
O‘z navbatida Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen ham yaxshi kelishuv tuzilishi istiqboli paydo bo‘lgani munosabati bilan xursandchilik bildirgan. U kelishuv Arktika va Shimoliy Atlantika mintaqasidagi umumiy xavfsizlikni mustahkamlashini, shuningdek, NATO va Yevropa uchun manfaatli ekanini ta’kidlagan.
“Birgalikda Qirollikning suvereniteti va hududiy yaxlitligini, shuningdek, Grenlandiya xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini tan oladigan kelishuvdir”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH ma’muriyati NATO va Grenlandiya bilan hamkorlikda Qo‘shma Shtatlar uchun “hayratlanarli” bo‘lgan kelishuv ustida ishlayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi