Sobiq birinchi xonim shifoxonadan chiqarildi

Olam

image

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning rafiqasi Sara Nazarboyeva joriy yilning yanvar oyida “Sovminka” nomi bilan tanilgan Olmaotadagi Prezident ishlari boshqarmasi tibbiyot markaziga qarashli Milliy gospitaldan chiqarildi. Bu haqda “Informburo” xabar berdi.

Birinchi prezident matbuot kotibi Aydos Uqibayning xabar berishicha, Sara Nazarboyeva 2025 yil aprel oyida “Sovminka” shifoxonasiga yotqizilgan. O‘sha davrda norasmiy manbalar va ommaviy axborot vositalarida birinchi prezident rafiqasining sog‘lig‘i va qayerda ekaniga oid turli xabarlar tarqalgan. Klinika matbuot xizmati uning tashxisi va sog‘lig‘i holatini oshkor qilishdan bosh tortgan.

“Bemor gospitalda davolanib, yanvar oyida ambulator davolanishga chiqarildi. Sog‘lig‘ining holati, tashxis, davolash usullari va natijalari haqidagi boshqa barcha ma’lumotlar “Aholi salomatligi to‘g‘risida”gi kodeksning 273-moddasiga muvofiq shifokorlik siri hisoblanadi va oshkor etilmaydi”, deyiladi “Sovminka” shifoxonasi ochiqlamasida.

Shu tariqa, 84 yoshli sobiq davlat rahbarining rafiqasi shifoxonada jami 10 oy davomida davolangan.

Ma’lumot uchun, Sara Nazarboyeva 1941 yil 12 fevralda tug‘ilgan. U 1991–2019 yillar davomida Qozog‘istonning birinchi xonimi bo‘lgan. U ijtimoiy faoliyati bilan tanilgan – “Bo‘bek” fondi asoschisi, bolalar huquqlari, yetimlar va o‘zini anglash dasturlari yo‘nalishida faol ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning may oyida 85 yoshli Sara Nazarboyeva vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan edi. O‘sha kuni Aydos Ukibay bu ma’lumotni rad etib, u davolanayotganini bildirgan. Shuningdek, Sara Nazarboyevaning vafoti haqidagi o‘xshash mish-mishlar 2024 yil oxirida ham tarqalgan, o‘shanda ham birinchi prezident matbuot kotibi bu xabarlarni rasman inkor etgan.

E’zoza Olimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Qozog‘iston Nursulton Nazarboyev shifoxona Sara Nazarboyeva birinchi xonim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing