Qozog‘iston va Xitoy vizasiz rejimga kelishdi
Olam
−
18 may 2023
5445Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi doirasida XXR Raisi Si Szinpin bilan 23 ta hujjatni, shu jumladan, viza talablaridan ozod qilish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqda Qozog‘iston rahbarining Matbuot xizmati xabar berdi.
Bitimga muvofiq, Qozog‘iston va Xitoy fuqarolari davlat chegarasini kesib o‘tgan paytdan e’tiboran 30 kalendar kundan ko‘p bo‘lmagan muddatni nazarda tutadi. Ya’ni 2 davlat fuqarolari 180 kalendar kuni ichida jami 90 kalendar kuni (30 kundan 3 marta) ushbu mamlakatlarga vizasiz borishi mumkin.
Shuningdek, imzolangan hujjatlar orasida davlat rahbarlarining qo‘shma bayonoti, hukumatlar o‘rtasida transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirish to‘g‘risidagi memorandum, texnik-iqtisodiy hamkorlikda o‘zaro anglashuv memorandumi, industriallashtirish va investitsiyalar sohasidagi hamkorlik rejasi mavjud.
Ma’lumot uchun, ayni damda Markaziy Osiyo davlatlari Prezidentlari Xitoyning Sian shahrida XXR Raisi Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazish, “Markaziy Osiyo-Xitoy” formatidagi sammitda ishtirok etish hamda Xitoyning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashish uchun bo‘lib turibdi.
LiveBarchasi