“Chiroqchi voqeasi”: IIBdan erining o‘ligi chiqqan ayol ayblanuvchilarni ozod qilishni so‘radi
3-sahifa
−
17 Sentabr 2020
21344Avvalroq, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida ichki ishlar organi xodimlari tomonidan kaltaklanib, IIB binosida jon bergan fuqaro ishi bo‘yicha sud boshlangani haqida xabar bergan edik.
Kecha, 16 sentyabr kuni navbatdagi sud majlisida Chiroqchida IIB xodimlari tomonidan urib o‘ldirilgan 32 yoshli Yusuf Abdurahmonovning turmush o‘rtog‘i Go‘zal Abdiyeva sud hay’atidan sudlanuvchilar — Nurbek Ovlayev hamda Anvar Jonqobilovni kechirib, sud zalidan ozod qilishni so‘radi. Bu haqda “Daryo” xabar berdi.
“Men faqat bularning bolalarini o‘ylayman. Bularning ham ayollari bordir. Shularni o‘ylayman. Sakkiz oy davomida zor qaqshab yig‘ladim. O‘zimdan o‘tganini o‘zim bilaman. Shuning uchun bu kunlarni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. Ko‘zim oldiga shularning farzandlari kelyapti. Ularning dadam qachon keladi, dadam qachon keladi, degan gapi eshitilyapti. Mening farzandlarim otasini yo‘qotdi. Otasining mehriga zor bo‘ldi. Lekin bularning farzandlari otasini kutib turibdi. Hozir bu yerda bularning onalari qanchalar ezilyapti. Mayli, men Xudoga soldim, Xudo ko‘rsatsin. Prezidentimiz qanchadan qancha insonlarni kechiryapti. Nahotki, men shu ikki insonni kechirolmasam”, degan Go‘zal Abdiyeva.
U sud hay’atiga ayblanuvchilar 50 yilga qamalsa ham eri tirilib qaytib kelmasligini aytib, ularni sud zalidan ozod qilishni so‘ragan.
“Qalbimda og‘riq bor. Meni shu yukdan ozod qiling va odilona hukm chiqaring. Mening farzandlarim yetim bo‘ldi. Endi bularning farzandlari yetim bo‘lmasin. Men qiynalganim yetadi. Bularning ayollari boshiga ham mening kunim tushishini xohlamayman — bu ikkalasini ham sud zalidan ozod qilishingizni so‘rayman. Mayli, bularni chiqaring, vijdoni qiynalsin. Mening yelkamda og‘ir yuk qolmasin faqat. Bularni chiqarmasangiz, mening vijdonim qiynalib o‘tadi” degan marhumning turmush o‘rtog‘i.
Ma’lumot uchun, ushbu jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi K. Tolliboyev raisligida hamda sudyalar E. Ergashev va R. Orziqulovdan iborat sud tarkibida ko‘rilmoqda.
Voqealar rivoji qanday?
Joriy yilning 23 yanvar kuni soat 01:50 da Chiroqchi tumanning Langar qishlog‘ida sodir etilgan chorva mollari o‘g‘riliklarini fosh etish borasida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida o‘g‘irlikda gumon qilinib Chiroqchi tumani IIO FMB binosiga olib kelingan Yu.A vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan 23 yanvar kuni Chiroqchi tumani IIO FMBning 2 nafar xodimiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harkatlari olib borildi.
Mazkur ish bo‘yicha boshlangan tergov joriy yilning 22 iyun kuni nihoyasiga yetgan.
Ochilgan jinoyat ishi doirasida 5 kishiga ayblov e’lon qilingan. Jumladan Chiroqchi tumani IIO FMBning 4-son IIB boshlig‘i JKning 241, 206, 104, 234, 235-modalari bilan ayb e’lon qilingan. U ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Chiroqchi tumani IIO FMBning 4-son IIB jinoyat qidiruv guruhining tezkor vakiliga ham JKning 241, 206, 104, 234, 235-modalari bilan ayb e’lon qilingan va qamoqqa olingan.
Chiroqchi tumani IIO FMBning 4-son IIBning ikki nafar profilaktika inspektori va jinoyat qidiruv guruhining tezkor vakiliga ham yuqoridagi moddalar bilan ayb e’lon qilinib, ularga garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ushbu ish doirasida besh kishi sud qilinyapti. Bular:
N.Ovlayev (1989 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti - oliy, oilali, ikki nafar farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan),
A. Janqabilov (1985 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, oilali, uch nafar voyaga yetmagan farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan),
Sh. Raxmonov (1978 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti - oliy, oilali, uch nafar farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB profilaktika inspektori lavozimida ishlagan),
A. Tojinorov (1994 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, muqaddam sudlangan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB profilaktika inspektori lavozimida ishlagan),
B. G‘ayratov (1995 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, muqaddam sudlangan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan).
Sudlanuvchilar:
N. Ovlayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish), 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayri insoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) va 241-1-moddasi (jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) da;
A. Janqabilov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 206-moddasi, 234-moddasi va 235-moddasida;
Sh. Raxmonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 206-moddasi, 234-moddasi, 235-moddasi va 241-1-moddasida;
A. Tojinorov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 206-moddasi, 234-moddasi va 235-moddasida;
B. G‘ayratov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 241-1-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 30 iyun kuni o‘tgan odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar xususida videoselektor yig‘ilishida joriy yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani IIB, may oyida Andijon shahar IIBdagi tergovlar natijasida ikki kishining vafot etishiga e’tibor qaratib, mas’ullarni qattiq tanqid qilgandi.
“Biz so‘nggi uch yarim yilda qiynoqlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha jiddiy va ortga qaytmaydigan islohotlarni amalga oshirdik. Lekin, Andijon shahar va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralarida yaqinda sodir bo‘lgan fojiali holatlar tizim rahbarlarini uyg‘otishi, aniq xulosalar qilishga chorlashi kerak.
Ushbu fojia oqibatida 2 nafar inson hayotdan erta ko‘z yumdi. Ularning oilalari bu huquq-tartibot idoralari rahbarlaridan emas, davlatdan norozi”, degan edi Mirziyoyev.
Prezident Qashqadaryo va Andijondagi jinoyatlarga aloqador 11 nafar ichki ishlar xodimlari qonun oldida javob berayotgani, 7 nafar rahbar lavozimidan ozod etilgani, yana 16 nafari intizomiy javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi.