Chirchiqda avtobusda erkak voyaga yetmagan qizga shahvoniy shilqimlik qildi
3-sahifa
−
05 mart 8138 2 daqiqa
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida avtobusda voyaga yetmagan qizga shilqimlik qilgan erkak 10 sutkaga qamaldi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Sud ma’lumotiga ko‘ra, erkak joriy yilning 31 yanvar kuni “Toshkent–Chirchiq” yo‘nalishida harakatlanadigan 199-sonli avtobusda ketayotgan voyaga yetmagan qizga nisbatan shahvoniy shilqimlik harakatlarini sodir etgan. Jabrlanuvchi qo‘rqqan holda avtobusdan tushib ketgan.
Qizning yig‘lab turganini ko‘rgan fuqarolar undan nima bo‘lganini so‘ragan. U bo‘lgan voqeani aytib bergach, atrofdagilar erkakni ushlagan. Shunda erkak jamoat joyida baqir-chaqir qilib, janjal ko‘targan, qolaversa voqea joyiga kelgan ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan.
Sud majlisida erkak aybini qisman tan olib, shahvoniy harakatlar sodir etmaganini bildirgan. Biroq jabrlanuvchi ko‘rsatmalari, guvohlar ko‘rsatmalari hamda ish materiallari bilan uning aybi tasdiqlangan.
Erkak Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi (shahvoniy shilqimlik qilish), 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilgan.
Sud qaroriga ko‘ra, unga jami 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi va 2 060 000 so‘m jarima tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida qo‘shni ayolga Telegram messenjeri orqali turli xil uyatli gaplar yozib, unga shahvoniy shilqimlik qilgan 19 yoshli yigit 5 sutkaga qamalgandi.
Live
Barchasi