Chilonzorda yana daraxtkushlik: 58 ta daraxt kesib tashlandi

Jamiyat

image

Kecha, 7 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Chilonzor tumani Chilonzor ko‘chasida daraxtlarni noqonuniy kesilishi bo‘yicha xabarlar tarqaldi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi daraxtkushlik bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Qo‘mita olib borgan o‘rganish natijasida ushbu hudud “DREAM HOUSE STROY” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli ekani aniqlangan. Qurilish uchun ajratilgan mazkur hudud jami 0,20 gektar  yer maydonidan iborat bo‘lib,  joriy yilning 20 yanvarida davlat ekologiya inspektorlari tomonidan hududdagi daraxtlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, hududda jami 58 dona har hil turdagi manzarali daraxtlar borligi yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Qayd etilishicha, mazkur hujjat bilan “DREAM HOUSE STROY” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkilotiga daraxtlarni kesmaslik va daraxtlarni saqlab qolish yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda ogohlantirish berilgan, shuningdek korxona vakillari tomonidan daraxtlarga nisbatan noqonuniy harakatlarni amalga oshirmaslik yuzasidan 2022 yil 20 yanvarda kafolat xati taqdim etilgan.

2022 yil 17 fevralida “DREAM HOUSE STROY” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yagona darcha xizmati markazi orqali hududdagi daraxtlarni kesish yuzasidan ariza bilan murojaat etilgan. Toshkent shahar Ekologiya boshqarma tomonidan ariza atroflicha o‘rganilib, daraxtlarnig  kesilishi borasida rad javobi berilgan.

Maxsus ishchi guruh tomonidan bugun tunda olib borilgan o‘rganish ishlari jarayonida “DREAM HOUSE STROY” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli yer maydonidagi jami 58 dona har hil turdagi manzarali va mevali daraxtlar  ildiz qismlari bilan birgalikda yo‘q qilingani aniqlangan.

Daraxtlarni muhofaza qilish va saqlashga doir qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rmaganligi natijasida o‘simlik dunyosiga jami 797 700 000 so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Shu tariqa, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 37-moddasi talablari buzilib, Davlat ekologiya inspektorlarining qonuniy talablarini bajarmagani uchun O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1976-moddasi, Jinoyat kodeksining 198-moddasiga asosan javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentning Chilonzor ko‘chasini rekonstruksiya qilish jarayonida 7 dona eman daraxtining tomir qismiga shikast yetkazilgandi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Daraxtlarga zarar yetishi ortidan tuman hokimi va prokurori ishdan olindi.


Maqola muallifi

Teglar

daraxt

Baholaganlar

155

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing