Chiqindidan qarzdor 200 mingga yaqin fuqaroning elektrga to‘lov qilishi cheklandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda chiqindi xizmatidan qarzdor 198 ming 858 ta abonentning elektr to‘loviga vaqtincha cheklov o‘rnatildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, agentlik joriy yilning 5 fevral holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha chiqindi xizmatidan qarzdorligini qoplanmagan umumiy 108,9 mlrd so‘m debitor qarzdorlik uchun jami 1 mln 174 ming 686 ta abonent “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning 2100 qisqa raqamidan SMS xabarnoma orqali ogohlantirilgan. Shundan so‘ng abonentlarga mavjud qarzdorligini bartaraf etish uchun 5 (besh) kun muddat berilgan va ushbu davrda 12,7 mlrd so‘mlik to‘lovlar amalga oshirilgan.

Hozirda respublika kesimida qoplanmay qolgan umumiy 15,8 mlrd so‘m maishiy chiqindi xizmati qarzdorligi uchun jami 198 ming 858 ta abonentning elektr energiyasi uchun to‘loviga cheklov o‘rnatilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilanoq darhol yechiladi.

Ma’lumot uchun, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni bilan chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari bo‘yicha to‘lov intizomi tartibga solingan. Unga ko‘ra, har oyning 3-sanasiga qadar qarzdor abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Chiqindilarni boshqarish agentligining “Toza makon” billing elektron tizimidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimiga uzatilmoqda. Ushbu tartib 2025 yil 30 iyungacha bo‘lgan qarzdorliklarga tatbiq etilmaydi. 2025 yilning 1 iyulidan chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzdorliklar uchun joriy yilning 5 noyabridan boshlab qo‘llanilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda chiqindi xizmatidan qarzdor 151 mingdan ortiq abonentning elektr to‘loviga vaqtincha cheklov o‘rnatilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

elektr Chiqindi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing