O‘zbekistonda 151 mingdan ortiq abonentning elektr uchun to‘lov qilishi cheklandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda chiqindi xizmatidan qarzdor 151 mingdan ortiq abonentning elektr to‘loviga vaqtincha cheklov o‘rnatildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, joriy yilning 16 yanvar holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha chiqindi xizmatidan qarzdorligini qoplanmagan umumiy 87,5 mlrd so‘m debitor qarzdorlik uchun jami 873 ming 990 nafar abonent “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning 2100 qisqa raqamidan SMS-xabarnoma orqali ogohlantirilgan. Shundan so‘ng abonentlarga mavjud qarzdorligini bartaraf etish uchun 5 kun muddat berilgan va ushbu davrda 7,4 mlrd so‘mlik to‘lovlar amalga oshirilgan.

Shuningdek, respublika kesimida jami 151 ming 202 nafar abonentning 14,8 mlrd so‘mlik maishiy chiqindi xizmatlaridan qarzdorligi mavjud bo‘lgan iste’molchilarning elektr energiyasi uchun to‘loviga cheklov o‘rnatilgan. Mazkur cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilanoq yechiladi.

Ma’lumot uchun, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni bilan chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari bo‘yicha to‘lov intizomi tartibga solingan. Unga ko‘ra, har oyning 3-sanasiga qadar qarzdor abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Chiqindilarni boshqarish agentligining “Toza makon” billing elektron tizimidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimiga uzatilmoqda. Ushbu tartib 2025 yil 30 iyungacha bo‘lgan qarzdorliklarga tatbiq etilmaydi. 2025 yilning 1 iyulidan chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzdorliklar uchun joriy yilning 5 noyabridan boshlab qo‘llanilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

elektr qarzdorlik chiqindi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing