Chigit mojarosi: Aksilmonopoliya Qashqadaryo hokimligi va IIB qonunni buzganini ma’lum qildi

Jamiyat

image
Qashqadaryo hokimligi Gavhar Alimovaning feodalizm aybloviga javob qaytardi north_east

Qashqadaryo hokimligi Gavhar Alimovaning feodalizm aybloviga javob qaytardi

Avvalroq, Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimovning buyrug‘i bilan paxta chigitini hududdan olib chiqib ketish taqiqlab qo‘yilgandi. Bu ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish bo‘yicha o‘z xulosasini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga o‘tgan yil 23 dekabr kuni Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan “Pet agro oil” hamda “Oil extraction” MCHJning murojaatlari kelib tushgan.

Mazkur murojaatlarda, “Pet agro oil” MCHJtomonidan tegishli tartibda birja savdolari orqali Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Koson Baxt Tekstil” MCHJdan paxta chigiti sotib olgani, biroq ushbu chigitni Qashqadaryo viloyatidan olib chiqib ketishda viloyat hokimining topshirig‘i bilan viloyatning “Umakay” muntazam YPX maskanida hech qanday asoslovchi hujjatlarsiz Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi YHXB xodimlari tomonidan ushlab turish kabi taqiqlar mavjudligi bildirilib, ushbu masalada amaliy yordam berish so‘ralgan.

Ushbu holat yuzasidan Qo‘mita tomonidan viloyatning tegishli tashkilotlari bilan birgalikda dastlabki o‘rganishlar o‘tkazildi. O‘rganish jarayonida O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 12 oktyabrdagi 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 12-moddasi talablari buzilgan deb topilib, ularga nisbatan joriy yilning 6 yanvar kuni ish qo‘zg‘atilgan.

Qo‘zg‘atilgan ish jarayonida Qashqadaryo viloyati hokimligi, Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mas’ullari va Qo‘mita xodimlari bir necha marotaba onlayn uchrashuvlar o‘tkazib, surishtiruv ishlari olib borgan.

Yuqoridagilarga asosan Qashqadaryo viloyati hokimligiga hamda Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga qonunbuzilish holatlari bo‘lgani, tadbirkorlik sub’ektlarining chigit mahsulotlarini Qashqadaryo viloyatidan olib chiqib ketishiga to‘sqinlik qilmaslik hamda ushbu qonunbuzilish holatlariga kelgusida yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish bo‘yicha 12 yanvar kuni 11/2-sonli ish Qo‘mita ko‘rsatmasi berilgan.

Shundan so‘ng yuqorida ko‘rsatilgan tadbirkorlar tomonidan joriy yil 20 yanvar kuni o‘zlariga tegishli bo‘lgan chigit maxsulotlarini Kashqadaryo viloyati xududidan olib chiqib ketilgan. Tadbirkorlar tomonidan Qo‘mitaga e’tiroz yo‘qligi, ular o‘z mahsulotlarini aynan Qo‘mitaning aralashuvidan so‘ng olib chiqib ketilgani xaqida ma’lum qilishgan.

Qo‘mita Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning “Taqiq qo‘yganlar iqtisodiyotga va tadbirkorlarga yetkazgan zarari uchun qanday jazolandi? Chunki bu orada chigit yangi maxsulotga aylanib, allaqachon savdo rastalarida turgan bo‘lardi. Qo‘mita buni ham ohirigacha olib borishi kerak. Zero qonun ustuvor-jazo muqarrar”, degan fikriga ham munosabat bildirib o‘tgan.

“Qo‘mita tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilgan yoki buzilmaganligi aniqlanib, ish qo‘zg‘atiladi va qonun buzilishiga yo‘l qo‘yganlarga nisbatan (Qashqadaryo viloyati hokimligi va Qashqadaryo viloyati IIB ga) ko‘rsatma xati yuboriladi (Qo‘mita jazoga tortish, jarima qo‘llash yoki boshqa javobgarlik belgilash vakolatiga ega emas)”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Qayd etilishicha, agar davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va ular mansabdor shaxslarining raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzuvchi harakati (harakatsizligi) tufayli xo‘jalik yurituvchi sub’ektga yoxud boshqa shaxsga zarar yetkazilgan bo‘lsa, u holda mazkur zararning o‘rnini qoplash yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tadbirkor sudga murojaat etishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

chigit

Baholaganlar

207

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing