60 tonna chigiti to‘xtatib qolingan tadbirkorning muammosi hal bo‘ldi
Jamiyat
−
15 Oktabr 2023
8205Qashqadaryo viloyatida 60 tonna chigiti to‘xtatib qolingan jizzaxlik tadbirkor muammosi hal etildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes-ombudsman) ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, jizzaxlik tadbirkor 60 tonna chigit yuklangan yuk mashinasi jamiyat birja savdosi orqali “Chiroqchi-klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati va “Kitob ip yigiruv” aksiyadorlik jamiyatidan sotib olgan chigit mahsulotini Qashqadaryo viloyatidagi “Umakay” yo‘l-patrul xizmati maskani orqali viloyat hududidan olib chiqib ketayotganida ushlab qolingan.
Biznes-ombudsmanning ma’lum qilishicha, hozirda tadbirkorning faoliyati bilan bog‘liq mazkur muammo to‘liq bartaraf etilgan.
“O‘zbekiston Konstitutsiyasining 67-moddasiga ko‘ra, mamlakat hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi”, deya eslatma qilingan xabarda.
Shu o‘rinda O‘zLiDeP ham ushbu holat yuzasidan o‘z munosabatini bildirgan.
“Konstitutsiya va qonunlarga asoslanmasdan na ichki ishlar xodimlarining, na hokimiyat vakillarining tovarlarning erkin harakatlanishini cheklashga hech qanday vakolati yo‘q”, deyiladi munosabatda.