Deputatlar huquqi toptalgan jizzaxlik tadbirkor ishi bo‘yicha so‘rov yubordi
Jamiyat
−
14 Oktabr 2023
5877Avvalroq jizzaxlik tadbirkor Qashqadaryodan o‘ziga tegishli 60 tonna chigitni olib chiqa olmayotgani haqida xabar tarqalgandi. Unda tadbirkorning chigit yuklangan yuk mashinasi viloyat hokimligining istagi bilan 5 kundan beri “Umakay” yo‘l-patrul xizmati maskanida ushlab turilgan.
Mazkur holatga nisbatan O‘zLiDeP ham o‘z munosabatini bildirdi.
“Konstitutsiyaning 67-moddasida O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanishi aniq belgilab qo‘yilgan.
Shunday ekan, Konstitutsiya va qonunlarga asoslanmasdan na ichki ishlar xodimlarining, na hokimiyat vakillarining tovarlarning erkin harakatlanishini cheklashga hech qanday vakolati yo‘q”, deyiladi ushbu munosabatda.
Unga ko‘ra, hokim tomonidan taqiqqa uchragan jizzaxlik tadbirkor masalasi partiya faollari va deputatlar tomonidan o‘rganilmoqda.
“Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari tomonidan Ichki ishlar vazirligi va Qashqadaryo viloyati hokimiyatiga tegishli deputatlik so‘rovlari yuborildi”, deya qo‘shimcha qilgan partiya.