Qashqadaryo hokimligi Gavhar Alimovaning feodalizm aybloviga javob qaytardi

Jamiyat

image

Avvalroq, Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimovning ko‘rsatmasi bilan viloyat hududidan chigitni olib chiqishga taqiq qo‘yilgani haqida xabar bergan edik. Iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov ushbu holatni o‘rta asrlardagi feodal tuzumga qiyoslagandi. Qashqadaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati chigitlar ortilgan yuk mashinalari nima sababdan to‘xtatilganini ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, haqiqatan ham 2021 yil 28 dekabr kuni Chiroqchi tumanidagi “Umakay” postida Yo‘l harakat xavfsizligi xodimlari tomonidan chigit mahsuloti ortilgan 3 ta yuk transport vositalari to‘xtatilgan.

Ichki ishlar xodimlariga o‘zini chigitni olib ketayotgan korxona ekspeditori deb tanishtirgan Komil ismli shaxs qog‘oz shaklidagi 94 tonna chigit mahsulotini “OQ SAROY KLASTER” MCHJdan “MAROQAND GOLD OIL EKSTRAKSIYA” MCHJga jo‘natilganligi haqida qo‘lda yozilgan (QR kodga ega bo‘lmagan) yuk xatini taqdim qilgan. Lekin, taqdim etilgan hujjatlar orasida elektron hisobvaraq-faktura, birja savdosidan yutib olganligi to‘g‘risida elektron “Tiket”, shartnoma va ishonchnoma bo‘lmagan.

“Vazirlar Mahkamasining 14.08.2020 yildagi 489-son qarori 2-ilovasi 67-bandida, “Tovarlar transport vositasida tashilganda elektron shaklda rasmiylashtirilgan hisobvaraq-faktura QR kodga ega bo‘lgan elektron tarzda yoki qog‘oz nusxasi chop etilgan holda tashuvchiga taqdim etilishi" belgilangan. “MAROQAND GOLD OIL EKSTRAKSIYA” MCHJ olib ketayotgan chigit mahsuloti bo‘yicha QR kodga ega bo‘lgan hisobvaraq-faktura bo‘lmaganligi va taqdim etilgan hujjatlarda shubha tug‘ilganligi sababli 3 ta yuk transport vositalaridagi chigit mahsulotlari qonuniy ravishda vaqtincha saqlovga olingan”, deyiladi Matbuot xizmati xabarida. 

Ta’kidlanishicha, shundan so‘ng, “MAROQAND GOLD OIL EKSTRAKSIYA” MCHJ xodimlari qachonki ichki ishlar xodimlari yukni to‘xtatib o‘rganishni boshlaganidan 1 sutkadan so‘ng ya’ni 29 dekabr kuni soat 17-31 da “OQ SAROY KLASTER” MCHJ tomonidan rasmiylashtirilib, “MAROQAND GOLD OIL EKSTRAKSIYA” MCHJga 98,3 tonna chigit  yuborilgani, lekin sotib oluvchi tomonidan hanuzgacha elektron imzo bilan tasdiqlanmagan elektron hisobvaraq fakturasining qog‘oz nusxasini taqdim etmagan. 

“Respublikamizda Soliq qonunchiligi takomillashib, Vazirlar Mahkamasining 14.08.2020 yildagi 489-son qarori bilan Davlat soliq qo‘mitasida qo‘shilgan qiymat solig‘idan qochishning oldini olish va to‘g‘ri hisoblash uchun elektron hisobvaraq fakturalarning axborot tizimi yaratilgan. Ya’ni har bir soliq to‘lovchi elektron axborot tizimi orqali sotilgan tovarni xaridorga jo‘natishdan avval elektron hisobvaraq-faktura rasmiylashtirishi, oluvchi ham elektron imzo bilan qabul qilganligini tasdiqlashi lozim. Bu hisobvaraq-fakturalar Davlat soliq qo‘mitasidagi elektron hisobvaraq-fakturalarning axborot tizimida shakllanadi va qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblash uchun asos bo‘ladi”, deyiladi hokimlik munosabatida. 

Qayd etilishicha, elektron hisobvaraq fakturasisiz, qo‘lda yozilgan qog‘oz yuk xati bilan tovarlarni realizatsiya qilish shubhali bo‘lib, yuk xati faqatgina ortilgan tovarning yo‘ldagi tekshiruvlari uchungina foydalanilib, keyinchalik yo‘qotilishi orqali soliqdan qochish ehtimoli katta.

Xabarga ko‘ra, hozirda viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan “MAROQAND GOLD OIL EKSTRAKSIYA” MCHJ tomonidan “OQ SAROY KLASTER” MCHJdan elektron hisobvaraq-fakturasi rasmiylashtirilmasdan chigit mahsuloti olib ketilganligi yuzasidan tezkor o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda. 

“Tezkor qidiruv tadbirlari oshkora va nooshkora usullarda o‘tkazilganligi sababli ayrim holatlar oshkor etilmaydi”, deyiladi munosabatda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

550

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing