Chexiyada birdaniga ikkita maska taqib yurish majburiy etib belgilandi
Olam
−
20 fevral 2021
4237Chexiya Respublikasida ketma-ket uchinchi kun o‘n mingdan ziyod koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari aniqlanmoqda. Mamlakat rasmiylari jamoat joylarida majburiy ravishda bir emas, ikkita tibbiy niqob taqishni joriy etishga qaror qildi. Bu haqda mahalliy “idnes” nashri yozmoqda.
Ma’lum qilinishicha, agar biror kishi ikkita niqob taqishni istamasa, u maxsus nafas olish moslamasidan foydalanishi shart.
“Mato niqoblari endi himoya vositasi hisoblanmaydi. Cheklovlar 22 fevraldan kuchga kiradi”, deydi mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri Yan Blatniy.
Bosh vazir o‘rinbosari Karel Gavlichekka ko‘ra, virusning britancha shtammi tarqalishda davom etayotgani sababli mamlakatda pandemiya holati “unchalik yaxshi emas”.
Ta’lim vaziri Robert Plaganing ta’kidlashicha, ustuvor vazifa – o‘rta maktab o‘quvchilarini an’anaviy darslarga qaytarish, do‘konlar ochilishini esa kechiktirib tursa bo‘ladi. Vazirga ko‘ra, ishchilar maxsus nafas olish moslamalarini taqsa, shuningdek xaridorlar o‘rtasidagi ijtimoiy masofa saqlansa, savdo do‘konlari ishni davom ettirishi mumkin.
Mutaxassislarga ko‘ra, mato niqoblar odamlarni virus yuqtirishdan himoya qilmaydi. Shuningdek, sharf, ro‘molcha va karnaval maskalari ham tibbiy niqobning o‘rnini bosmasligi aytilgan. Bir qator xalqaro aeroportlar esa allaqachon, mato niqoblarni taqiqlashga ulgurgan.
LiveBarchasi