Chexiyada og‘ir ahvolga tushib qolgan o‘zbekistonlik mamlakatga qaytarildi
Jamiyat
−
08:08 439 1 daqiqa
Chexiyada ish topa olmay, yashash uchun mablag‘siz qolgan O‘zbekiston fuqarosi elchixona ko‘magida mamlakatga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, B.V. ismli fuqaro dastlab Bolgariyaga ishlash uchun borgan. Biroq u yerda ish haqi bilan bog‘liq muammolarga duch kelgani sababli Chexiyaga o‘tgan.
Chexiyada zarur hujjatlarni rasmiylashtira olmagani uchun doimiy ish topa olmagan o‘zbekistonlik daromadsiz qolib, jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan.
Shundan so‘ng u Vatanga qaytishda amaliy yordam so‘rab, O‘zbekiston elchixonasining konsullik bo‘limiga murojaat qilgan. Elchixona tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida fuqaro “Praga–Boku–Toshkent” yo‘nalishi orqali O‘zbekistonga qaytarilgan.
“Mamlakatimizning xorijdagi diplomatlari chet elda qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarimizga amaliy yordam ko‘rsatishda davom etmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Novosibirsk shahrida farzandlari mehribonlik uyida qolgan o‘zbekistonlik oila O‘zbekistonga qaytarilgan edi.
Live
Barchasi23 Oktyabr