“Chaqaloqlar metroda tug‘ilyapti”. Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi ustidan xalqaro sud ish boshladi
Olam
−
07 mart 2022
6409Bugun, 7 mart kuni Niderlandiyaning Gaaga shahrida joylashgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro Sudi Ukrainaning Rossiyaga qarshi da’vosini ko‘rib chiqishni boshladi.
Qayd etilishicha, da’vo mavzusi – Rossiya tomoni Ukrainaga qarshi bir necha bor qo‘zg‘atgan genotsid ayblovlari.
Aytish joizki, joriy yilning 26 fevral kuni Ukraina Rossiyaning bunga vakolati yo‘qligini aytib, sudga murojaat qilgandi. Kiyev, shuningdek BMT sudidan shoshilinch vaqtinchalik choralar ko‘rishni va Rossiyani harbiy harakatlarni to‘xtatishga majbur qilishni so‘ragan. Biroq Rossiya vakillari sudda ishtirok etishdan bosh tortgan.
Gaagadagi Xalqaro sudda Ukraina vakili Anton Korinevich ishtirok etib, Ukrainadagi bugungi vaziyatga baho berdi.
“Biz bugun “Tinchlik saroyi” deb nomlangan binodamiz, lekin o‘z uyimga, yurtimga urush tahdid solmoqda. Men Katta Adliya zalida turibman, yurtdoshlarim esa faqatgina adolatsizlikni, shahar va viloyatlarimizga tushayotgan rus bombalari va raketalarini ko‘rishyapti.
Men sud oldida turgan vaqtim ukrainaliklar halokatli hujum ostida, millionlab odamlar xavf ostida. Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha vakili tinch aholining halok bo‘layotgani haqida xabar bermoqda. Rossiyaning Ukrainaga hujumi 1,5 milliondan ortiq odamni mamlakatni tark etishga majbur qildi. 15 mingdan ortiq odam o‘z uyini tark etib, Kiyev metrosidan boshpana topgan, ularning ko‘pchiligi ayollar va bolalar. Metroda chaqaloqlar tug‘ilmoqda, chunki shifoxonalar yopilmoqda. Bularning barchasi ukrainaliklar duch kelayotgan kundalik muammolardir”, deydi Kiyev vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina birinchi marotaba Rossiya tomonidan tajovuzga duch kelayotgani yo‘q.
“Rossiya delegatsiyasining (suddagi) o‘rindiqlari bo‘sh. Ular ushbu sudda yo‘q. Ular mening mamlakatimga qarshi agressiv urush bo‘layotgan jang maydonida. Rossiya kelishmovchiliklarni shunday hal qiladi. Ammo Ukraina boshqacha pozitsiyani egallaydi, shu sabab, milliy qonunlarni va ushbu sudni hurmat qiladi.
Shunga qaramay, Rossiya xalqaro huquq muhimligini biladi, aks holda nega u o‘zining tajovuzkorligini oqlashga harakat qilsin? Rossiyaga ko‘ra, ushbu urush genotsidni to‘xtatish. Men Rossiya Prezidentining Ukrainaga bostirib kirishga buyruq berganida aytgan so‘zlarini keltiraman: biz bu dahshatli tushni, genotsidni to‘xtatishimiz kerak. Urushdan maqsad odamlarni genotsiddan himoya qilish emish. Bu dahshatli yolg‘on! Putin yolg‘on gapiryapti, ukrainaliklar, fuqarolarimiz o‘lmoqda”, deya so‘zida davom etgan Anton Korinevich.
Uning ta’kidlashicha, genotsidni uyushtirayotgan Ukraina emas, balki Rossiya. Uning rahbariyati va harbiy xizmatchilari Ukraina hududida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etmoqda.
“Oxirgi ikki hafta ichida ko‘p odamlar Ikkinchi jahon urushi haqida eslashdi. Rossiya Ukrainani “inkor etaman” deb, Xolokost xotirasini tahqirlamoqda.
Darhaqiqat, Ikkinchi Jahon urushini eslash o‘rinli, ammo ushbu urushda ukrainlar va ruslar birgalikda kurashganini hamda jaholatni to‘xtatish uchun birga halok bo‘lganini yodda tutishimiz kerak”, deydi Kiyev vakili.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 fevral kuni Ukraina Rossiyaga qarshi da’vo arizasi bilan Gaagadagi Xalqaro sudga rasman murojaat qilgandi.
Xalqaro Sud Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) asosiy sud organi hisoblanadi. U Gaagadagi (Niderlandiya) Tinchlik saroyida joylashgan bo‘lib, 1946 yildan beri faoliyat yuritadi va xalqaro huquq normalariga muvofiq davlatlar o‘rtasidagi huquqiy nizolarni hal qiladi.
Davlatlar o‘rtasidagi nizolarni ko‘rib chiqishda sud ochiq sud majlislarini o‘tkazadi, unda taraflarning vakillari va advokatlari so‘zga chiqadi, so‘ngra ishni yopiq majlislarda muhokama qiladi va qaror chiqaradi. Ushbu qaror yakuniy hisoblanadi va shikoyat qilinishi mumkin emas. Agar jarayonda ishtirok etayotgan davlatlardan biri unga rioya qilmasa, ikkinchi tomon BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilishi mumkin.
LiveBarchasi