Bo‘zatovga yangi hokim tayinlandi
Jamiyat
−
16 noyabr
4831Bugun, 16 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Bo‘zatov tuman kengashining birinchi sessiyasida Botirbek Ongarbayevich Ubbiniyozov ushbu tumanga hokim etib tayinlandi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi xabar berdi.
Qayd etilishicha, sessiya kun tartibida Xalq deputatlari Bo‘zatov tumani kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlarini ro‘yxatga olish, kengashning reglamenti va doimiy komissiyalar to‘g‘risidagi Nizomini tasdiqlash hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining Bo‘zatov tumani hokimini tayinlash to‘g‘risidagi farmoyishini tasdiqlash masalalari ko‘rib chiqilgan. Unda Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Omonboy O‘rinboyev ham ishtirok etgan.
Tayinlovga qadar Botirbek Ubbiniyozov Mo‘ynoq tumani hokimining Ekologiya va Orolbo‘yi hududini rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan. Faoliyati davomida qator lavozimlarda ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalq deputatlari Yangiyo‘l shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Ravshan Isoqjonovich Raimov Yangiyo‘l shahri hokimi etib tayinlangandi. Yangiyo‘l shahar hokimi sifatida ishlab kelgan Dilshod Sultonov esa lavozimidan ozod etilgandi. Uning ishdan olinishining sababi ochiqlanmagan.