“Hokimi bor burgutdek”. Shuhrat Abdurahmonov ulug‘landi
Sport
−
12 Sentyabr 18658 3 daqiqa
Joriy yilning 10 sentyabr kuni “Andijon” futbol klubi muxlislari jamoasining “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘yini paytida viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovni ulug‘lovchi bannerni namoyish qildi.
Andijonning “Bobur Arena” stadionida bo‘lib o‘tgan bahsda “burgutlar” “Qo‘qon-1912” jamoasini Rustam Turdimurodov va Imeda Ashortiyaning gollari evaziga 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
O‘yin avvalida namoyish qilingan bannerda “Hokimi bor burgutdek, futbol bo‘lar doimo” hamda “Hokim buva, siz bor, biz bor, doim bo‘ling sog‘-omon” degan imperialistik ruhdagi yozuvlar aks etgan. Unda burgut tasviri ham joylashtirilgan bo‘lib, u Andijon futbolining ramziy qiyofasi sifatida talqin qilingan.
Umuman olganda, bu Andijon hokimining birinchi marta katta e’tibor markaziga tushishi emas. Bir qarasa viloyat hokimligi matbuot xizmati Abdurahmonovning bir oilaga xonadon sovg‘a qilayotgani aks etgan videoni ommatan tarqatsa, boshqa bir holatda esa milliylikni targ‘ib qilish deb izohlangan “Andijon polkasi” raqsiga tushish majburiy etilayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ladi. Shu kabi holatlardan so‘ng O‘zbekistonning shimoliy hududi Shimoliy Koreyaga ham ko‘p bor qiyos qilingan.
Hokimlik axborot xizmati piarni yaxshi uddalaydi. Biroq hokim janoblari salbiy qabul qilinadigan holatlarda ham ko‘p e’tibor markaziga chiqqan.
Masalan, 2024 yilda Andijonning Xonabod tumanida bo‘lib o‘tgan “Dunyo sadolari” festivaliga kirolmagan jurnalistlar bilan bog‘liq vaziyat ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. O‘shanda hokim Shuhrat Abdurahmonovning “mening gaplarimdan kavak qidirmalaring, qo‘llaringdan balo ham kelmaydi”, degan gapni OAV vakillariga aytgani iddao qilingan videolar tarqalgan edi.
Shuningdek, joriy yilda yoshlar kuni munosabati bilan viloyat hokimligi yoshlar uchun konsert tadbirini tashkil etgandi. Unda bir qancha mashhurlar qatorida MDH mamlakatlari orasida “Dom-2” realiti televizion shousi orqali tanilgan rossiyalik teleboshlovchi va bloger Viktoriya Bonya ham konsertga tashrif buyugandi.
Qayd etilishicha, Axloqsiz shou orqali tanilgan bu “yulduzcha”ni Abdurahmonovning o‘zi taklif qilgan. Buni Bonyaning Instagram ijtimoiy tarmog‘iga joylagan viloyat hokimi bilan tushgan suratidan bilish mumkin. Suratda Abdurahmonov janoblarining Bonya xonimga bir dasta gullar hadya qilgani tasvirlangan bo‘lib, uning izohida bloger tomonidan konsertga taklif etgani uchun Shuhrat Abdurahmonovga rahmat aytilgan. Bu surat ham jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgandi.
Shuhrat Abdurahmonov nafaqat Andijon viloyati balki “Andijon” klubi rahbari ekanligi avvaldan ma’lum. U viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti sifatida ham faoliyat yuradi. Xususan, klub muxlislari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda viloyat rahbari jamoani qo‘llab-quvvatlashini bildirib kelgan.
Bunga oid misollardan biri 2023 yilda kuzatilgan edi. “Andijon” klubi Superliganing 17-turida “Olimpik”ni 2:1 hisobida mag‘lub etganidan so‘ng Abdurahmonov stadionda futbolchilar bilan g‘alabani nishonlagan. O‘sha uchrashuvdan keyin u futbolchilarga maxsus sovg‘alar berishini aytgan. Xususan, g‘alaba goli muallifi Rubin Hebayga “tila tilagingni” degandek, istalgan avtomashinani tanlashini bildirgandi. Biroq qolgan futbolchilar qanday maxsus sovg‘aga ega bo‘lgani ochiqlanmagan.
Shuningdek, 2025 yilgi O‘zbekiston Kubogidagi g‘alabasidan keyin Shuhrat Abdurahmonov “Andijon” jamoasining kelgusi mavsumda chempionlik uchun kurashishini bildirgandi. Aytganda ham, chempionlikni va’da qilgandi.
“Kelasi yil, va’da beraman, Xudo xohlasa shunday jamoa qilamizki, “Andijon” chempion bo‘ladi”, degandi hokim buva klub muxlislariga.
Ma’lumot uchun, joriy mavsum boshida ham “Andijon” jamoasi mavsumda chempionlik uchun kurashishini ma’lum qilib, bosh murabbiylik lavozimiga Sanvel Babayanni olib kelgandi. Biroq ketma-ket mag‘lubiyatlardan so‘ng mutaxassis 9 turdan so‘ng iste’foga chiqarildi. Hozirda “burgutlar” Islom Ahmedov qo‘l ostida Superliga turnir jadvalida 30 ochko jamg‘argan holda 8-o‘rinda bormoqda.
Live
Barchasi