Buyuk Britaniya Ukrainaga Rossiya hududiga ham zarba bera oladigan raketalarni berishi mumkin

Olam

image

Buyuk Britaniya Kiyevga uzoq masofali raketalarni berishga tayyorlanmoqda. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Ukraina uchun ochilgan fonddan mamlakatga 300 kilometrgacha bo‘lgan masofaga zarba berish qobiliyatini ta’minlashga “manfaat bildirishi”ni so‘ragan. Fond uch kun ichida javob bildirishini ma’lum qilgan. 

Nashr xabarida aytilishicha, hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Biroq shuning o‘zi Ukrainani uzoq masofali raketalar bilan ta’minlashda katta qadam ekani ta’kidlangan. Shuningdek, so‘ralgan qurol aviatsiya yordamida uchiriladigan Storm Shadow qanotli raketasi bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. 

Ukraina uzoq vaqtdan beri G‘arbdan shunday turdagi raketalarni berishini so‘rab keladi. Ammo AQSH boshchiligidagi ittifoqchilar mazkur qurollar orqali Rossiya hududlariga zarba berilishi mumkinligidan cho‘chib, uning iltimosini qayta-qayta rad etayotgandi. Agar mamlakat uzoq masofali raketalarga ega bo‘lsa, Qrim va mamlakat sharqida vaqtincha bosib olingan hududlardagi Rossiya qo‘mondonlik punktlari, ta’minot liniyalari, o‘q-dori va yoqilg‘i omborlariga zarba berish imkoni yaratilishi va bu urushning borishini o‘zgartirishi mumkin. 

Xabarlarga ko‘ra, Kiyev yaqin haftalar ichida qarshi hujumga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rayotgani sabab, uzoq masofali raketalar front chizig‘idan ancha orqada turib, zarba berish orqali tanklar va piyoda qo‘shinlarga hujumga o‘tish uchun yo‘l ochib beradi. 

Storm Shadow qanotli raketalari Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan Ukraina samolyotlariga o‘rnatilishi mumkinligi ma’lum qilingan. Ushbu qurol orqali Rossiya hududiga ham zarba berish mumkin. O‘z navbatida Kiyev taqdim etilgan qurollardan Rossiyaga zarba berishda foydalanmaslikka va’da bermoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Ukraina raketa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing