Buyog‘iga yo‘qotadigan narsamiz yo‘q – Srechko Katanets
Sport
−
02 fevral
7329Ertaga, 3 fevral kuni futbol bo‘yicha Osiyo kubogining chorak finali doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi mezbon Qatarga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv oldidan jamoa bosh murabbiyi Srechko Katanets o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Har bir bosqichda bo‘lgani singari bizni oldinda qiyin bahs kutib turibdi. Uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Biz o‘z kuchimizga ishonamiz. Diyor Xolmatov Tailandga qarshi terma jamoadagi debyut uchrashuvini ajoyib tarzda o‘tkazdi. Shaxsan men uchun bu syurpriz bo‘ldi. Mashg‘ulotlar davomida, ayniqsa, Dubaydagi yig‘inda o‘zini ko‘rsata olgan edi. Lekin ertangi bahsda Xolmatov maydonga tushadimi yoki yo‘q buni vaqt ko‘rsatadi”, deydi Katanets.
Shuningdek, mutaxassis bo‘lajak o‘yindagi natija futbolchilarning harakatiga bog‘liqligini qo‘shimcha qildi.
“Hali jamoa bilan uchrashmadim. Holat yaxshilangan deb umid qilaman. Jarohatlanganlar bo‘yicha deyarli hech narsa o‘zgarmagan, biroq betob o‘yinchilarimiz sog‘ayish arafasida. Asosiy vazifam jamoani tayyorlash, men ularga ishonaman. Qatarga qarshi to‘g‘ri o‘yin qurishimiz shart. Raqib bizdan qo‘rqishi kerak bo‘lgan jihatlarimiz ham yetarlicha. Natija o‘yinchilarning harakatlariga, o‘sha paytdagi vaziyatlar, jarohatlar va yana boshqa ko‘plab jihatlarga bog‘liq. Avval ta’kidlaganimdek, bor e’tiborim oldindagi bahsga qaratilgan, qolgani keyin ma’lum bo‘ladi. Bizda yaxshi o‘yinchilar yetarli. Chorak finalga qadar yetib keldik, buyog‘iga yo‘qotadigan narsamiz yo‘q”, deydi murabbiy.
Ma’lumot uchun, Qatar-O‘zbekiston bahsi ertaga, 3 fevral kuni soat 20:30 da start oladi. Uchrashuvga Doha shahridagi “Al-Bayt” stadioni mezbonlik qiladi.
LiveBarchasi