Buyog‘i qanchadan tushdi? G‘aniyevning Matbuot kotibi ovoz soxtalashtirilganini iddao qilgandi
Jamiyat
−
30 dekabr 2019
14508Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning tahdid ko‘rinishidagi ovozli yozuvi ustidan o‘rganish o‘tkazgani va natijalarini e’lon qilgani haqida xabar bergan edik.
Avvaliga Farg‘ona viloyati hokimiyati matbuot xizmati rahbari Muhammadjon Obidov alohida videomurojaat qilib, tarqalgan ovoz hokimniki ekanini rad etgandi va quyidagilarni aytgandi:
“Ozodlik” Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevga nisbatan navbatdagi tuhmatini e’lon qilgan. 2 dekabrda aytilgan deb iddao qilinayotgan audio yozuvdagi ovozi o‘xshatilgan so‘zlar biron bir selektor yig‘ilishida Shuhrat G‘aniyev tomonidan aytilmagan. Shuhrat G‘aniyev jurnalist yoki blogerlarga nisbatan bosim yoki tazyiq o‘tkazmagan, Quva tumani hokimiga bu haqda hech qachon tanbeh bermagan.
Audioyozuv o‘xshatma ovozning qo‘pol montajidan boshqa narsa emas.
Hurmatli internet foydalanuvchilari, hamkasb jurnalistlar, blogerlar! “Ozodlik”ning o‘yiniga uchmang, uning tuhmatlariga ishonmang. Agar “Ozodlik”da bunday haqiqiy ovoz bo‘lganida edi, u o‘zi iddao qilishicha 2 dekabrdan buyon uni ushlab turmas edi.
“Ozodlik”ning kuni endi pranker (ovoz o‘xshatuvchi)larga qolgan ko‘rinadi”.
Bosh prokuratura esa ovoz aynan G‘aniyevga tegishli ekanini aytib chiqdi.
Toshkent shahar hokimligi ham joriy yilning 16 noyabr kuni hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarga nisbatan aytgan tazyiq ko‘rinishidagi gaplari ustidan tekshiruv boshlanganini aytib, bu ovoz Ortiqxo‘jayevniki emasligi va go‘yo uning ovozi sifatida tarqatilayotganini iddao qilgandi. Ammo, o‘sha ovoz ham Ortiqxo‘jayevniki bo‘lib chiqdi.
Bosh prokuratura bayonotida qayd etilishicha, xuddi Ortiqxo‘jayev bilan bog‘liq holatdagidek, G‘aniyevning so‘zlarida ham inson hayotiga va sog‘lig‘iga tajovuz qiladigan real tahdid, ya’ni ularni amalga oshirilishidan xavfsirash uchun asoslar mavjud bo‘lmagan. Shu bois mazkur holat yuzasidan Jinoyat-protsessual kodeksi talablari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.
Shuhrat G‘aniyev davlat hokimiyati va boshqaruvi organi mansabdor shaxsi bo‘la turib, Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari talablarini buzganligini inobatga olib, uning intizomiy javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga xat yuborilgan.
LiveBarchasi