“Butunlay yechinishni buyurishdi”. Amerikalik basketbolchi qiz Rossiya qamoqxonasi haqida so‘zladi
Sport
−
03 may
511842022 yilda Rossiyada giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanib, qamalgan va AQSHda hibsda saqlanayotgan qurol sotuvchisi Viktor Butga almashtirilgan amerikalik basketbolchi Brittni Greyner "The New York Times" nashriga intervyu berdi.
Ikki karra Olimpiya chempioni 2022 yilning 17 fevralida – Ukrainaga qarshi urush boshlanishidan bir hafta oldin, Moskvaning Sheremetevo aeroportida qo‘lga olingan edi.
Rus harbiylari Greynerning yukini tekshirish chog‘ida ular surunkali og‘riqlar uchun tibbiy maqsadlarda ishlatiladigan nasha moyi vapesini topib olishadi. Shundan so‘ng, Brittni giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanib, 9 yilga qamaladi.
"The New York Times" nashriga bergan intervyusida Greyner qamoqxonada o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgani haqida so‘zlab berdi.
"Stressni yengish uchun kuniga bir quti sigaret chekib, kitob mutolaasiga sho‘ng‘idim", degan u.
Sportchining so‘zlariga ko‘ra, Brittni qamoqxonada 12-15 soat ishlashga majburlangan.
"Men hayotimda hech qachon bunchalik iflos hayot kechirmagandim. U yerda dush qabul qila olmaysiz, tish yuvish haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Hojatxona qog‘ozi sifatida ishlatish uchun futbolkamni yirtishga majbur bo‘lganman", degan Brittni dahshat bilan.
Nihoyat, 2022 yilning dekabr oyida Greyner AQSH elchixonasidan almashinuv yaqin kunlarda amalga oshishi haqida xushxabar oladi. Tartibga ko‘ra, ozodlikka chiqish arafasida u Vladimir Putinga maktub yuborishi kerak edi.
“Ular meni ushbu xatni yozishga majbur qilishdi. Maktub rus tilida edi. Men kechirim so‘rashim va ularning buyuk yo‘lboshchisiga minnatdorlik bildirishim kerak edi. Men buni istamasdim, lekin uyga qaytishni ham xohlardim", deya iqtibos keltiradi nashr sportchining gapidan.
Jo‘nash oldidan amerikalik ayolni ofisga olib borishgan. U yerda o‘zini shifokor deb tanishtirgan erkak hamda yana yetti nafar qurolli qo‘riqchi basketbolchi qizga butunlay yechinishni buyurishgan. Shundan so‘ng ular Brittnini bir necha marotaba suratga olgan.
Fotosessiyadan so‘ng Greyner qayerga ketayotgani aytilmagan holda samolyotga chiqarilgan.
"Samolyot Abu-Dabiga qo‘ndi. Uchish-qo‘nish yo‘lagida notanish odamni ko‘rdim – bu Viktor But edi. But yonimdan o‘tayotib, menga qo‘lini uzatdi", degan sportchi so‘zlari yakunida.
LiveBarchasi