Buni qilmasak bo‘lmaydi – Bayden Turkiyaga F-16 qiruvchilarini sotishini aytdi

Olam

image

AQSH Turkiyaga F-16 qiruvchi samolyotlarini sotishi, shuningdek, ularni modernizatsiya qilishi kerak. Bu haqda bugun, 30 iyun kuni NATO sammiti yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida AQSH Prezidenti Jo Bayden aytib o‘tdi. 

Amerika yetakchisidan turkiyalik hamkasbi Rajab Toyib Erdo‘g‘anga F-16 samolyotlarini yetkazib berish borasida qanday kafolatlar bergani so‘ralgan.  

“Dekabr oyida aytganlarimni aytdim. Biz ularga F-16 larni sotishimiz, shuningdek, bu samolyotlarni modernizatsiya qilishimiz kerak. Buni qilmaslik bizning manfaatlarimizga to‘g‘ri kelmaydi”, deb javob berdi Bayden va bunday kelishuvlar AQSH Kongressi tomonidan ma’qullanishi kerakligini eslatib. 

Eslatib o‘tamiz, kecha, 29 iyun kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden Madridda o‘tgan NATO sammitidan so‘ng Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi va suhbat davomida AQSH Turkiyaga F-16 qiruvchilarini yetkazib berishi va moderenizatsiyasini yo‘lga qo‘yishini, bu haqidagi hujjatni Kongress tezroq ma’qullashiga ta’sir ko‘rsatishini va’da qildi. 

AQSH Mudofaa vazirining tashqi ishlar bo‘yicha yordamchisi Selest Uollanderning aytshicha, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi bo‘yicha o‘zining veto qo‘yish tahdidini bekor qilishga rozi bo‘lgach, AQSHning Turkiyaga nisbatan pozitsiyasi ham o‘zgargan.

Selest Uollanderning so‘zlariga ko‘ra, bu rejalar hali ham ishlab chiqilmoqda, Qo‘shma Shtatlar Turkiyaning kuchayishini qo‘llab-quvvatlaydi, chunki u “NATO xavfsizligiga hissa qo‘shadi”. 

Avvalroq Turkiya AQSHdan 40 ta F-16 Block 70 rusumli qiruvchi samolyot va 80 ta Block 70 rusumli havo kemalarini yangilash to‘plamlarini so‘ragan edi. Anqarada F-16 ni sotib olish istagi Rossiyadan S-400 zenit-raketa majmuasini sotib olish munosabati bilan beshinchi avlod F-35 qiruvchi samolyotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Amerika dasturidan chiqarilganidan keyin e’lon qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

F-16 Jo Bayden

Baholaganlar

128

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing