Turkiyada F-16 qiruvchi samolyoti qulab tushdi (video)
Olam
−
18:41 1364 1 daqiqa
Bugun, 12 avgust kuni Turkiyada o‘quv parvozi vaqtida F-16 qiruvchi samolyoti halokatga uchradi. Uchuvchi katapulta qilishga muvaffaq bo‘lgan, hech kim jabrlanmagan. Bu haqda Turkiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
“Harbiy-havo kuchlarimizga tegishli F-16 samolyotlaridan biri o‘quv parvozi vaqtida Yalovada halokatga uchradi, pilot katapulta qilib, omon qoldi.
Halokat sabablari atroflicha surishtiruv natijasida aniqlanadi”, deyiladi xabarda.
Ijtimoiy tarmoqlarda hodisa aks etgan videolar tarqaldi. Ularda samolyot yerga urilib, portlaganini va baland tutun ko‘tarilganini ko‘rish mumkin.
Ma’lumot uchun, F-16 Fighting Falcon (“Jangchi lochin”) – AQSHning General Dynamics kompaniyasi (hozirda Lockheed Martin) tomonidan ishlab chiqilgan, dunyodagi eng ommabop va muvaffaqiyatli 4-avlod ko‘p maqsadli yengil qiruvchi samolyoti.
U dastlab kunduzgi havo janglari uchun yengil qiruvchi sifatida loyihalashtirilgan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan har qanday ob-havo sharoitida topshiriqlarni bajara oladigan universal harbiy samolyotga aylangan. Bugungi kunga qadar 4,600 dan ortiq F-16 ishlab chiqarilgan. U dunyoning 25 dan ortiq mamlakati (AQSH, Isroil, Turkiya, Niderlandiya, Gretsiya, Janubiy Koreya va boshqalar) harbiy-havo kuchlari arsenalida mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Vashington shtatida F/A-18 Hornet qiruvchi samolyoti rejali mashg‘ulot parvozini amalga oshirayotgan vaqtda halokatga uchragandi.
Live
Barchasi