“Bunyodkor” Rivaldo va Denilson ishi bo‘yicha Shveysariya Federal tribunaliga shikoyat qilishi mumkin – Nikimbayev

Sport

image

Bir necha kun oldin tarmoqlarda Xalqaro futbol assotsiatsiyasi (FIFA) Toshkentning “Bunyodkor” klubi braziliyalik futbolchilar Rivaldo va Denilsonga 9,5 million yevro (120 milliard so‘m) to‘lab berishi borasida qaror qabul qilgani haqida xabarlar tarqalgandi.

O‘zbekistonlik futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev mazkur holat bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Buni FIFA emas, Sport arbitraj sudi (CAS) qarori bo‘lganidan boshlaylik. Sud majlisining o‘zi o‘tgan yilning fevral oyida bo‘lib o‘tgan, ammo qaror hozircha e’lon qilingan. Aytgancha, yechimning o‘zi hali CAS veb-saytida mavjud emas”, deydi Nikimbayev.

Nikimbayevga ko‘ra, “qaldirg‘ochlar”ga qo‘yilgan qarorni amalga oshirmaslikning imkoni yo‘q.

“Qaror futbol hokimiyati tomonidan qabul qilinmagan bo‘lsada, uni amalga oshirmaslikning imkoni yo‘q, chunki CAS yurisdiksiyasining tan olinishi futbol federatsiyasining FIFA'ga a’zo bo‘lish shartlaridan biridir. Bundan tashqari, “Bunyodkor”ning o‘zi klublarni litsenziyalash tizimida ishtirok etish uchun ariza topshirayotganda CAS yurisdiksiyasini tan olganligi to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etishi kerak”, deyiladi mutaxassis Telegram sahifasida.

Qayd etilishicha, Toshkent klubi holat bo‘yicha faqat Shveysariya Federal tribunalida shikoyat qilish imkoniyatiga ega.

“CAS qaroriga faqat Shveysariya Federal tribunalida shikoyat qilish mumkin, ammo shikoyat qilish uchun juda ko‘p asoslar mavjud emas – yurisdiksiyaning yo‘qligi, asosiy protsessual qoidalarning buzilishi (masalan, adolatli sudlov huquqini buzish) yoki davlat siyosatiga mos kelmasligi”, deb yozdi Nikimbayev.

Keyin nima bo‘ladi? Bir nechta variant mavjud:

  • “Bunyodkor” agar, albatta, asos topsa, Shveysariya Federal tribunaliga murojaat qiladi.
  • “Bunyodkor” qarzni to‘liq yoki qisman to‘laydi (klub Denilson va Rivaldo bilan shartnomadagi raqamlarni qisqartirish bo‘yicha muzokara olib borsa).
  • “Bunyodkor” to‘lashdan bosh tortadi va faoliyatini to‘xtatadi.

Agar, 2 va 3-variantlar amalga oshirilsa, “Bunyodkor” CAS belgilagan muddatlarda qarzdorlikni yopmasa, FIFA tomonidan klubga vaqtinchalik sanksiyalar (ochkolarni olib tashlash, quyi ligaga tushirish, transfer taqiqlari) qo‘llaniladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Bunyodkor” futbol klubi direktori Rivaldo va Denilsondan qarzdorlik bo‘yicha munosabat bildirgandi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Bunyodkor Rivaldo Denilson

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing