Bunday transport qo‘shnilarimizda ham yo‘q — Nazarbekov 14 milliardlik yuk mashinalari xaridiga izoh berdi

Madaniyat-san’at

image

14 milliard so‘mga xarid qilingan transport vositalari kichraytirilgan “Xalqlar do‘stligi” sanat saroyidek gap. Bunday transport O‘zbekistonning qo‘shnilarida ham yo‘q. Bu haqda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov vazirlik tomonidan xarid qilingan 14 milliard so‘mlik yuk mashinalari haqidagi savolga javoban aytib o‘tdi. OAV xodimlari bilan muloqot kecha, 9 dekabr kuni Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 2 fevraldagi 112 sonli qarorida Madaniyat vaziriga maxsus avtotransport xarid qilish topshiriq etib belgilangan va xarid uchun 20 milliard pul ajratilgan edi. Biz yelib-yugurib, talashib, bir nechta variantlar ichida tanlab, narxni 14 milliardga tushirdik va mashina xaridini tashkil etdik. Hali avtomashinalarimiz qo‘limizgacha yetib kelgani yo‘q. Ular yaqin kunlarda keladi. Lekin baralla aytolamanki bunday transport yaqin qo‘shnilarimizda ham yo‘q”, deydi Madaniyat vaziri.

Shuningdek, Ozodbek Nazarbekov yangi yuk mashinalari nima uchun kerak ekanini aytib, uning imkoniyatlariga ham to‘xtalib o‘tgan.

“Agar biz konsert tashkil qilamiz desak, bu transport eng chekka hududga borgan taqdirda ham 20 daqiqada konsert tomoshasini namoyish etish uchun tayyor bo‘ladi. U transportda sahna, ekran, ovoz kuchaytirgichlar mavjud bo‘lib zamonaviy ko‘rinishdagi “Xalqlar do‘stligi” sanat saroyining kichraytirilgan sahnasi. Bunday xariddan maqsad eng chekka hududlarda ham sifatli xizmat ko‘rsatish. Oddiy qora parda yoki shiyponda turib, xira chiroqni yoqib qo‘yib konsert berish davri, menimcha, o‘tdi. Bugun qishloqda yashayotgan aholiga ham yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish davri keldi”, degan Nazarbekov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning noyabr oyida Madaniyat vazirligi xarid qilgan ikkita avtotransport vositasining qiymati 15,5 milliard so‘m deya baholangan edi. Holat ko‘pchilikning muhokamasiga sabab bo‘lishi ortidan vazirlik rasmiy munosabat bildirgan va xaridning qo‘shimcha tafsilotlarini oshkor qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

transport Ozodbek Nazarbekov Madaniyat vaziri

Baholaganlar

2699

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing