Toshkentda yo‘l haqi 2 500 so‘m bo‘lishi iqtisodiy jihatdan qanchalik asosli?
Biznes
−
18:11 868 2 daqiqa
Toshkent shahrida jamoat transporti narxini oshirish bo‘yicha taklif etilgan loyiha odamlar orasida keng muhokama qilinmoqda. Unga ko‘ra, karta orqali to‘lov 1 700 so‘mdan 2 500 so‘mga chiqishi, naqd to‘lov esa 3 000 so‘mligicha qolishi mumkin. Bu o‘zgarishning sabablari va u yo‘lovchilarga nima berishi haqida bir qancha muhim omillar mavjud.
Hozirgi 1 700 so‘mlik tarif 2023 yil noyabr oyidan beri o‘zgargani yo‘q. Shu vaqt ichida poytaxt transporti tizimi ancha kengaydi: avtobuslar soni 1 900 taga yetdi, bekatlarda kutish vaqti esa 15 daqiqagacha qisqardi. Hozir kuniga 2,5 millionga yaqin yo‘lovchi tashilmoqda. Albatta, bunday katta tizimni ishlatish, avtobuslarni soz holatda ushlab turish, yonilg‘i va ishchilar maoshi uchun katta mablag‘ talab etiladi. Bundan tashqari, oxirgi paytda elektr energiyasi narxi 900 so‘mdan 1100 so‘mga (22,2 foizga), AYOQSHlardagi gaz esa 1800 so‘mdan 2750 so‘mga (ya’ni 52,7 foizga) qimmatlashdi. Amaldagi tarif bu xarajatlarni umuman yopmayapti, shu sababli zararning katta qismi davlat byudjeti hisobidan to‘lanyapti. Taqqoslash uchun, qo‘shni Olmaotada yo‘l haqi bizning pulda qariyb 3 100 so‘m, Bakuda esa 4 200 so‘mni tashkil qiladi.
Transport vazirligining ma’lum qilishicha, tarifning o‘zgarishi shunchaki narxni ko‘tarish emas, balki xizmat sifatini oshirish bilan bevosita bog‘liq. Agar loyiha qabul qilinsa, tashuvchi kompaniyalar oldiga juda qattiq talablar qo‘yiladi. Avtobuslarning vaqtida kelishi, salonlar tozaligi, yo‘lovchilar xavfsizligi va haydovchilarning muomala madaniyati qat’iy nazorat qilinadi. Har kuni jamoat transportidan foydalanadigan odamlarga og‘ir bo‘lmasligi uchun esa yangi arzonroq abonementlar va bitta avtobusdan boshqasiga o‘tganda kamroq to‘laydigan (almashish) tariflari taklif etilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu hali yakuniy qaror emas. Loyiha 19 sentyabrgacha xalq muhokamasida bo‘ladi va kelib tushgan barcha takliflar asosida qayta ko‘rib chiqiladi.
Live
Barchasi