Madaniyat vazirligi 15,5 mlrd so‘mlik yuk mashinalariga izoh berdi
Madaniyat-san’at
−
08 noyabr 2022
37391Shu kunlarda Madaniyat vazirligi ikkitagina avtotransport vositasini 15,5 mlrd so‘mga xarid qilgani ko‘pchilikning muhokamasiga sabab bo‘ldi.
Bugun, 8 noyabr kuni, Madaniyat vazirligi yuqoridagi holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib chiqdi.
Vazirlik izohiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan, 2022 yil 1 iyunga qadar “Madaniyat karvoni” uchun mo‘ljallangan, tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega 2 dona maxsus avtotransport vositasini xarid qilish vazifasi belgilangan.
“Mazkur qarordan kelib chiqqan holda xarid qilinadigan, “Madaniyat karvoni” uchun mo‘ljallangan, tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega maxsus avtotransport vositasining texnik parametrlari mutaxassislar tomonidan belgilangan tartibda ishlab chiqildi. Bunday zamonaviy avtotransport vositasini tayyorlash imkoniyati bo‘yicha xorijiy davlatlar o‘rganildi va eng ma’quli sifatida Xitoy davlati tanlanib, vazirlik tomonidan OMDM va “Huayuan” kompaniyasi bilan muzokara olib borildi. Muzokara xulosasiga ko‘ra, OMDM kompaniyasi tomonidan 873 000 AQSH dollari, Olmaota shahridagi “Kazakhstan musical technologies” filiali tomonidan 900 026 AQSH dollari taklifi (bitta maxsus avtotransport vositasi xaridi uchun) bildirilgan”, deyiladi vazirlik munosabatida.
Biroq, xorijiy kompaniyalar pandemiya sababli maxsus avtotransport vositasi yil yakuniga qadar yetkazib berilishini ma’lum qilgan.
Shundan so‘ng, Madaniyat vazirligi ishlab chiqilgan texnik parametrlar asosida maxsus avtotransport vositasini tayyorlash imkoniyati mavjud bo‘lgan mahalliy korxonalar bilan muloqot olib borish hamda tegishli xulosa olish maqsadida “Oʻzavtosanoat” AJ, “UzAvto Trailer” MCHJ va “JV MAN Auto-Uzbekistan” MCHJ qo‘shma korxonasiga murojaat etgan.
“ “JV MAN Auto-Uzbekistan” MCHJ qo‘shma korxonasi tavsiyasi asosida “STEYA overseas projects” tomonidan 1 390 000 yevro, Turin politexnika universiteti tomonidan 9 580 050 000 so‘m hisobiga maxsus avtotransport vositasini tayyorlash, qolgan korxonalar va “Uz Truck and Bus Motors” MCHJ tomonidan esa 1 394 950 000 so‘mga transportning faqat tyagach qismi bilan ta’minlash imkoniyati ma’lum qilingan”, deya vaziyatni tushuntirgan vazirlik.
Shunday qilib, “Madaniyat karvoni” uchun mo‘ljallangan maxsus avtotransport vositasini mahalliy korxonalar (Turin politexnika universiteti) bilan birgalikda mukammal ishlab chiqish, tayyorlash va zarur uskunalar bilan jihozlash choralari ko‘rilgan va Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilgan.
“Shu o‘rinda bunday avtotransport vositasining afzalligi va muhimligi nimada degan savol tug‘ilishi tabiiy. Aytish joiz, aslida bu ko‘pchilik o‘z tasavvuriga ko‘ra taxmin qilib, turlicha talqin etayotgan yengil avtomobil emas. Nomidan ham anglash mumkinki, bu tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega maxsus avtotransport vositasidir. Boshqacharoq qilib uni zamonaviy, ulkan “Mobil sahna” deyish ham mumkin. Bunday transport vositalari buyurtma asosida maxsus ishlab chiqariladi” deb qo‘shimcha qilinadi vazirlik hisobotida.
Samandar Haqqiyev
LiveBarchasi