Bunaqasi hali bo‘lmagan, men eslay olmayman – Saida Mirziyoyeva

Jamiyat

image

Ayni vaqtda butun dunyoda juda og‘ir vaziyat hukmronlik qilyapti. Bundan uch oy avval Xitoyning Xubey provinsiyasi, Uxan shahrida paydo bo‘lgan koronavirus COVID-19 infeksiyasi dunyoning 195 ta mamlakat va hududiga kirib bordi. Afsuski, virus O‘zbekiston sarhadini ham bosib o‘tdi. Ayni vaqtga qadar mamlakatda 60 kishi koronavirusga chalingan. 30 mingga yaqin kishi karantinda saqlanmoqda. 

O‘zbekistonda koronavirus xavfi sabab 24 mart kuni soat 00:01 dan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etildi. Toshkent shahrida jamoat transportlari harakati to‘xtatildi, poytaxtni viloyatlar bilan bog‘lovchi postlar yopildi. Mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlarga ishni masofaviy tarzda tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Ayni vaziyatda esa shifokorlar, supermarket, dorixona xodimlari, bozor, taksi xizmati, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari xalq salomatligi va tinchligi yo‘lida xizmat qilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, mehnat qilayotganlarga minnatdorlik bildirdi. U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shunday yozadi: 

“Butun dunyoda karantin. Bunaqasi hali bo‘lmagan, men eslay olmayman.

Bugun hayotimizda ro‘y berayotgan voqealarga boshqa rakursdan qaralsa, odamzod qayta tarbiyalanayotganga o‘xshaydi. Uning yuziga ko‘zgu tutilgandek, go‘yo. Yaxshi bilan yomonni ajratib olish payti kelgandek. Alloh bizga sinov yuborib, o‘zimizni isloh qilishga, ko‘proq yaxshilik, ezgu ishlar amalga oshirishga undayotgandek. Koronavirus odamlar o‘z oilasi, yaqinlari bilan birlashib, oqibatni kuchaytirishi, insof, diyonatni targ‘ib etishi uchun yuborilganga o‘xshaydi.

Shunday davrda hammani uyda qolishga chorlab, o‘zlari ishlashda davom etayotgan sotuvchi, kassir, dorixonalar va huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari, harbiy, shifokor, uchuvchilar jamoalari, haydovchilar, novvoylar va, eng asosiysi, jurnalist va  blogerlar – ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda elimiz uchun o‘z sog‘lig‘i, hayotini xavf ostiga qo‘ygan barcha fidoyi insonlar! Sizga boshimiz yerga tekkuncha ta’zimdamiz. Siz ham uyingizda o‘tirishingiz mumkin edi. Ammo siz xalq xizmatida bo‘lishni tanladingiz. Buning savobi juda katta bo‘lsa kerak.

Siz bor ekansiz, biz xavotir olmasak ham bo‘ladi. Ilohim bu #sinovdavri dan birgalikda eson-omon o‘tib olaylik!”.

Mirziyoyeva sahifasiga quyidagi suratni ham joylashtirgan.

Ma’lumot o‘rnida, dunyo bo‘ylab koronavirusga chalinganlar 457 935 kishini tashkil etmoqda. Ulardan 20 781 kishi vafot etgan. 113 776 kishi kasallikdan sog‘aygan. Bemorlarning 14 121 nafari yoki 4 foizining ahvoli og‘ir. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva koronavirus

Baholaganlar

1395

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing