Buxoroga 1,4 trillion so‘m ajratilgan
Jamiyat
−
12 avgust
4945Prezident Shavkat Mirziyoyevning ikki oy oldin Buxoroga tashrifidan keyin viloyatga 1,4 trillion so‘m ajratildi. Bu haqda bugun, 12 avgust kuni bo‘lib o‘tayotgan Buxoro viloyatiga qilingan tashrif natijadorligini oshirish, muqobil energiya manbalarini joriy etish hamda sanoat korxonalari uchun jozibador sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Bildirilishicha, bugun Prezident tomonidan imzolangan qarorlarga muvofiq viloyatga tadbirkorlik uchun qo‘shimcha 60 million dollar, infratuzilmaga 40 million dollar ajratiladi.
Shuningdek, viloyat hokimi, uning o‘rinbosarlari, tuman hokimlari shunga munosib ishlab, joylardagi tashkilotlar oldiga aniq vazifa, xodimlariga KPI belgilab, har kuni aniq natijada ishlashi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan. Kelgusida har bitta tarmoq va viloyatdagi haqiqiy ahvol shunday tahlil qilinib, muhokama o‘tkazilishi belgilandi.
Bundan tashqari, mutasaddilar ushbu Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tumanlari tajribasi bo‘yicha sustkashlikka yo‘l qo‘ygan barcha rahbarlarga chora qattiq bo‘lishi haqida ogohlantirildi. Sayxunobod va Uychi tajribalarida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga javobgarlik choralarini ko‘rish, qoloqliklarni bartaraf etish topshirildi. Zarbdor tajribasi asosida har bir tuman va shaharda kamida 5 tadan “drayver” loyihani shakllantirish, G‘ijduvon tajribasi asosida 1 mingta mahallaning o‘zida “tepaga o‘sadigan” (vertikal) sanoat binolari loyihalarini tayyorlab, yil yakunigacha ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Buxoroda eng asosiy masala – xizmatlarni rivojlantirish ekani ta’kidlandi. Qayd etilishicha, sohani rivojlantirish muhandislik va farmatsevtikada 23 foiz, elektrotexnikada 30 foiz o‘sishni ta’minlaydi.
Buxoroda 584 ta mehmon uylari, 122 ta umumiy ovqatlanish, 18,5 mingta savdo, 30 ta salomatlik va fitnes markazlari bor. Lekin har ming kishiga oshxona va restoranlar soni Samarqanddan 10 karra kam. Shofirkon aholisi 200 mingga yaqinlashib, viloyatda uchinchi o‘ringa chiqdi. Shunday bo‘lsa-da, tuman xizmat ko‘rsatish bo‘yicha viloyatda eng oxirgi o‘rinda.
Vobkent, Romitan, Jondor tumanlarida olib borilayotgan namunali ishlarni qayd etib, Prezident boshqa tumanlarda tashabbuskorlik ko‘rinmayotgani, markaziy ko‘chalar va massivlarga yangi qiyofa olib kirish sustligi bo‘yicha qat’iy e’tiroz bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Parij Olimpiadasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchilarning tarixiy zafarlari bilan butun xalqni tabriklagandi.