Buxorodagi bo‘ron jabrlanuvchilari soni oshdi. Bir kishi qurbon bo‘ldi

Jamiyat

image

Avvalroq, Turkmaniston Respublikasi hududidan kuchli shamol kirib kelib, O‘zbekistonning Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida 9-40 m/sek  tezlikda shamol esishi kuzatilgani haqida xabar bergan edik. FVV mazkur hodisa bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, Buxoroda yuz bergan bo‘ron natijasida bir necha fuqaro jabrlanib, ulardan bir nafari halok bo‘ldi. Shuningdek, hududlardagi daraxtlarning ag‘darilishi natijasida ijtimoiy soha ob’ektlari, aholi yashash xonadonlari va avtotrasport vositalariga zarar yetgan.

Yuzaga kelgan shamol oqibatlarining asosiy qismi Buxoro viloyatiga to‘g‘ri keladi. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining bergan ma’lumotiga ko‘ra, taxminan 29 nafar fuqaro yengil va 1 nafar fuqaro og‘ir tan jarohati olgan bo‘lib, 1 ta holatda o‘lim qayd etilgan.

Yengil va og‘ir tan jarohati olgan 5 nafar fuqaro tibbiyot muassasasiga yotqizilgan. 26 nafariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyga javob berilgan.

Sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha viloyat hokimliklarida shtablar tashkil etilib, favqulodda vaziyatlarni baholash komissiyalari keltirilgan zararlarni aniqlash ishlarini olib bormoqda.

Amaliy tadbirlarga FVBlardan jami 704 nafar shaxsiy tarkib, 127 ta avtotransport vositasi, shuningdek, mahalliy hokimiyatlar va Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat quyi tizimiga kiruvchi IIB, SSB, Kommunal va boshqa tegishli xizmatlardan mas’ul xodimlarni jalb etgan holda talofat oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro bo'ron

Baholaganlar

270

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing