Buxorodagi attraksion nega uzilib ketdi? Rasmiy izoh berildi
3-sahifa
−
28 mart 2023
19549Avvalroq, Buxoro viloyatida er-xotin va ularning farzandi o‘tirgan attraksion uzilib ketib, 6 metr uzoqlikka uchib ketgani haqida xabar bergan edik. Hodisa Buxoro shahridagi “Somoniylar” nomli markaziy madaniyat va istirohat bog‘idagi “Tvister” attraksionida ro‘y bergan. Voqea yuzasidan Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi ("Kontexnazorat") bayonot berdi.
Qayd etilishicha, 2022 yilning dekabr oyida favqulodda vaziyatlar bo‘linmalari xodimlari bilan hamkorlikda favqulodda vaziyatlarni oldini olish maqsadida Buxoro shahridagi “Somoniylar” madaniyat va istirohat bog‘idagi attraksionlar, shu jumladan, “Xalikov Shuhrat” Yakka tartibdagi tadbirkorga qarashli bo‘lgan “Tvister” attraksionining xavfsizlik holatini o‘rganish bo‘yicha profilaktik tadbir o‘tkazilgan. Natijada ushbu attraksion statik va dinamik sinovlardan o‘tkazilmagani, attraksiondan foydalanish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma olinmagani, undan xavfsiz foydalanish bo‘yicha javobgar shaxs tayinlanmagani aniqlangan.
O‘rganish o‘tkazgan ishchi guruh tomonidan ushbu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan hamda attraksiondan foydalanish taqiqlangan.
Shunga qaramasdan attraksiondan o‘zboshimcha foydalanish davom etgan va javobgar shaxs tomonidan kundalik texnik nazorat amalga oshirilmagan. Oqibatda attraksion o‘rindiqlarini tutib turuvchi metall moslama ichki tomonidan yemirilib, attraksion korpusidan uzilib ketgan va bir oila (3 kishi) tan jarohati olgan.
“Holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tekshiruv olib borilmoqda. "Kontexnazorat" tomonidan “Xalikov Shuhrat” YATTga qarashli “Tvister” attraksioni tekshiruvini o‘tkazish biznes vakil bilan kelishilmoqda”, deyiladi xabarda.