Buxoroda tarbiyachi bog‘cha bolasini kaltakladi
3-sahifa
−
24 noyabr 2023
7187Ijtimoiy tarmoqlarda bog‘cha tarbiyachisi 2-3 yoshli bolaga nisbatan qo‘pol harakatlar qilib, uni kaltaklagani tasvirlangan videolar tarqaldi. Izohlarda yozilishicha, ushbu holat Buxoro viloyati Kogon shahridagi xususiy bog‘chalardan birida ro‘y bergan.
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, voqea joriy yilning 20 noyabr kuni soat 09:30 larda Kogon shahridagi “Quyoshjon” oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida sodir bo‘lgan.
Aniqlik kiritilishicha, vazifasini qo‘pol ravishda bajargani uchun tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
“Ayni paytda uning xatti-harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Boshqarma ushbu holatga oydinlik kiritar ekan, bog‘cha opaning endi "tetapoya" qilgan go‘dakka nisbatan zo‘ravonligi aks etgan kadrlarni “tarbiyachining tartibga chaqirayotganligi aks etgan videoyozuv” deya atashi ajablanarli. Umid qilamizki, bunday holatlar qayta takrorlanmasligi uchun qo‘shtirnoq ichidagi “tarbiyachi”ga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida mast ayol o‘z qizini ayovsiz kaltaklagani haqida xabar berilgan edi.
LiveBarchasi