Buxoroda tabiiy ofat hosilga qancha zarar yetkazgani ma’lum qilindi
Jamiyat
−
08 may 2020
6505O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev boshchiligidagi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va boshqa vazirlik, idoralardan iborat Respublika Ishchi guruhi mamlakatda tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan hududlarda zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat natijasida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida yetkazilgan zararlar, ekin maydonlaridagi yo‘qotishlar va nobudgarchiliklarni o‘rnini qoplash va irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini tiklash ishlari amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, nobud bo‘lgan paxta va g‘alla maydonlarini to‘liq o‘rganib chiqib, qisqa muddatlarda boshqa turdagi mahsulotlarini ekishni tashkil etish va zarar ko‘rgan issiqxonalarni tiklash va ulardagi ekinlarni parvarishlash bo‘yicha choralar ko‘rish yuzasidan vazifalar ijrosi ta’minlanmoqda.
Ta’kidlanishicha, Buxoro viloyatida 2172 ta fermer xo‘jaligiga 9660 gektariga bog‘ mavjud bo‘lib, ushbu maydonlarda joriy yilda 115,8 ming tn meva yetishtirish belgilangan. Tabiiy ofat oqibatida bog‘larning 2616 gektariga (27,1 foiz) zarar yetib, yo‘qotilgan hosil o‘rtacha 19721 tonna (17,03 foiz) ekanligi bildirildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, viloyatdagi 115 ta fermer xo‘jaligi va qishloq xo‘jalik korxonalaridagi 253,5 gektar issiqxonalar talofat ko‘rgan.
Ta’kidlanishicha, Buxoro viloyatida 2020 yil hosili uchun 97900 ga chigit ekilgan bo‘lib, tabiiy ofat natijasida 4554 gektar (4,6 foiz) maydonga qayta chigit ekiladi.
“Viloyat tumanlarida 18 143 konturda 60 600 gada parvarish qilinayotgan g‘alla maydonlaridan, tabiiy ofat natijasida 12 619 ga (20,8 foiz) maydon talofat ko‘rgan”, deyiladi xabarda.
Respublika Ishchi guruhi tomonidan tabiiy ofat natijasida qishloq xo‘jaligi ekinlari, bog‘ va tokzorlar va issiqxonalarga yetkazilgan zararlarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlarini qayta ekish, issiqxonalarni tiklash va hosilni ko‘paytirish bo‘yicha qo‘shimcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli qilib o‘tkazish choralari belgilangan.
Bundan tashqari, g‘o‘za maydonlarida qatqaloqni sindirishga ommaviy safarbarlik hamda kultivatorlarni otryad usulida ishlashini tashkil qilishga doir bir qator amaliy ishlarni olib bormoqda.