Buxoroda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar soni ortib bormoqda
3-sahifa
−
04 Sentabr 2023
15439Buxoro viloyatida og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar soni ortib bormoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2023 yilning 7 oyi mobaynida viloyatda jami 2 ming 683 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 67 taga ko‘p. Jumladan, viloyatda talonchilik 8 taga, tovlamachilik 6 taga, firibgarlik 9 taga, bezorilik esa 17 taga ortgan.
Shuningdek, joriy yilning o‘tgan 7 oyi mobaynida jami 819 ta og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar qayd etilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 39 taga yoki 5 foizga oshgan.
Mazkur jinoyatlarning shaxslar kesimidagi tahliliga qaralsa, ishsizlar jinoyati 44 taga, mast holda sodir etilgan jinoyatlar 18 taga kamaygan bo‘lsa-da, voyaga yetmaganlar jinoyati 77 taga, ayollar jinoyati 123 taga, yoshlar jinoyati 144 taga, muqaddam sudlanganlar jinoyati 41 taga ortganini ko‘rish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2023 yildagi jinoyatchilik darajasi eng yuqori bo‘lgan davlatlar ro‘yxati e’lon qilingan edi. Markaziy Osiyo davlatlari ichida Qirg‘iziston eng yuqori darajada jinoyatchilik sodir etiladigan davlatlar qatoridan joy olgan. Mamlakatda har 100 ming aholidan 56,87 kishi jinoyat sodir etgan. Bu esa Qirg‘izistonni indeksda 31-o‘ringa joylashtiradi. Shuningdek, Qozog‘istonda ham jinoyatlar kam emas. Davlat 40-o‘rinda (53,77) qayd etilgan.
O‘zbekiston esa jinoyatchilik nisbatan kamroq sodir etiladigan davlatlar qatorida. O‘zbekiston fuqarolari ichida har 100 ming aholidan 33,42 kishi jinoyat sodir etib, 99-o‘rinda qayd etilgan. Turkmaniston va Tojikiston ro‘yxatga kiritilmagan.