Buxoroda narkolaboratoriya tashkil qilganlar 10,8 kg “spays” bilan ushlandi (video)

3-sahifa

−

image

Buxoro shahrida ikki fuqaro ko‘p qavatli uydagi xonadonda narkolaboratoriya tashkil qilib, sintetik giyohvandlik moddasi tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangani aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Buxoro shahrida faoliyat yuritgan narkolaboratoriya fosh etilgan.

Aniqlanishicha, internet narkodo‘konda “omborchi” va “kimyogar” bo‘lib ishlovchi, Jondor tumanilik 27 va 29 yoshli 2 nafar fuqaro viloyat markazidagi ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonda narkolaboratoriya tashkil qilib, sintetik giyohvandlik vositalari tayyorlash hamda sotish bilan shug‘ullanishgan.

Xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirish jarayonida ushbu manzildan umumiy og‘irligi 6 kg 650 gr bo‘lgan “spays” sintetik narkotik moddasi, SIM-kartalar, respiratorlar, qo‘lqoplar, zip paketlar, elektron tarozi va ko‘p miqdordagi tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ular tomonidan Kogon tumanidagi xufiyona joylarga kichik bo‘laklarda yashirib qo‘yilgan jami 4 kg 200 gr “spays” moddasi ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Bildirilishicha, hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 273-moddasi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) va 276­­­-1-moddasi ( G‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan hamda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chirchiq shahrida ijaraga olingan xonadonda giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan 4 nafar shaxs ushlangan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing