Buxoroda aliment to‘lashdan 11 yil qochib yurgan ota buvisining uyidan topildi
3-sahifa
−
03 iyul
3451Buxoroda aliment to‘lashdan 11 yil qochib yurgan ota buvisining uyidan topildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi xabar berdi.
Qayd etilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumanlararo sudining qarzdor J.A. dan undiruvchi G.R. foydasiga ikki nafar farzandi ta’minoti uchun qarzdorning ish haqi va boshqa daromadlarining 1/3 qismi miqdorida aliment undirish to‘g‘risida hujjati bo‘lib, unda aliment to‘lovlari oyma-oy to‘lov qilinishi belgilangan. Ammo qarzdor yashash uyidan chiqib ketib, to‘lovlarni vaqtida to‘lamaganligi sababli unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Bildirilishicha, qarzdor 11 yil Rossiya Federatsiyasida bo‘lib, qaytib kelgach, G‘ijduvon tumanida buvisining yashash xonadonida yashirinib yurgan. Boshqarmaning qidiruv shu’basi tomonidan olib borilgan tadbirda qarzdor topilib, tegishli chora ko‘rish uchun davlat ijrochisiga topshirilgan.
“Qarzdor otaning aliment to‘lovlaridan bo‘lgan qarzi qayta hisob-kitob qilinganda joriy yilning iyun holatiga ko‘ra 130,6 mln so‘mni tashkil qilgan. Hozirda, qarzdorga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun tegishli sudga yuborilib, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada aliment to‘lashdan qochib yurgan ota tungi klubdan topilgandi.
LiveBarchasi