Buxoroda $700 ga “prava” olib bermoqchi bo‘lgan avtomaktab o‘qituvchisi ushlandi (video)
3-sahifa
−
09 avgust 2054 1 daqiqa
Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilib, fuqarodan 700 AQSH dollari talab qilgan avtomaktab o‘qituvchisi ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tezkor tadbir davomida 1995 yilda tug‘ilgan, Qorako‘l tumanida yashovchi xususiy avtomaktab o‘qituvchisi fuqaroni aldab, uning ishonchiga kirgani aniqlangan.
U fuqaro avtomaktabda uch oylik o‘quv kursini tamomlagani haqida ma’lumotnoma olib berishni, shuningdek, imtihon markazidagi tanishlari orqali “B” toifali haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minlashni va’da qilgan. Buning evaziga 700 AQSH dollari talab qilgan.
Joriy yilning 9 iyul kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi kelishilgan 700 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) bilan 168-moddasi (Firibgarlik) 1-qismi hamda 28-moddasi (Jinoyat ishtirokchilarining turlari) bilan 211-moddasi (Pora berish) 1-qismi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatida haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilib, fuqarodan 2 000 AQSH dollari talab qilgan shaxs ushlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi