Buxoroda 62 yoshli ota farzandiga buyragini berdi

Salomatlik

image

Buxoroda 62 yoshli ota 31 yoshli farzandiga o‘z buyragini berdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, kecha, 14 fevral kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida Toshkentdan borgan bir guruh transplantolog mutaxassislar hamda mahalliy shifokorlar ishtirokida buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarilgan.

Sakkiz soat davom etgan murakkab operatsiya natijasida kogonlik 31 yoshli S.Safarovga 62 yoshli otasi X.Safarovning ishlab turgan bir buyragi ko‘chirib o‘tkazilgan. 

Ayni vaqtda ikki bemorning ham ahvoli yaxshi.

“Ko‘z oldingda jondan aziz farzandingni darddan so‘lib borayotganini ko‘rish – eng og‘ir sinov. Ayniqsa, o‘g‘limning bir necha yil ushbu kasallikdan azob chekkanini o‘ylasam, yuragim og‘riydi. Nasib bo‘lsa, ushbu operatsiyadan keyin farzandim yana sog‘lom hayotga qaytadi. Buning uchun shifokorlardan behad minnatdorman”, degan ota. 

Mazkur jarrohlik amaliyotiga boshchilik qilgan Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh transplantologi, malakali xirurg Po‘lat Sultonovning ta’kidlashicha, 31 yoshli ushbu bemor bir necha yil gemodializ muolajasi yordamida davolanib kelgan. Ayni vaqtga kelib, tashxis terminal bosqichga o‘tgani sababli uni hayotga qaytarishning yagona usuli sifatida buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti tavsiya etilgan. 

“Hozir bemor transplantolog mutaxassislar tibbiy kuzatuvi ostida bo‘lib, uning buyrak faoliyati tiklanishida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Shuningdek, unga donorlik qilgan otasi X.Safarovning salomatligi ham kundan kun yaxshilanib boryapti”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 oktyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, 2018 yil RSHTYOIMda “Xirurgik transplantologiya” bo‘limi tashkil etilgan edi. O‘tgan davr mobaynida ushbu markaz mutaxassislari tomonidan 170 dan ortiq qarindoshlar orasida buyrak transplantatsiya jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

 


Maqola muallifi

Teglar

jarrohlik amaliyoti murakkab operatsiya buyrak

Baholaganlar

123

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing