Yaponiyada olimlar insonga cho‘chqa buyragini ko‘chirmoqchi
Olam
−
23 iyul 596 2 daqiqa
Yaponiyada tibbiyot tarixidagi muhim tajribalardan biri o‘tkazilishi kutilmoqda. Olimlar 2028 yildan boshlab genetik o‘zgartirilgan cho‘chqa buyraklarini insonlarga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha klinik sinovlarni boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda “The Japan Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur loyiha Meydzi universiteti negizida tashkil etilgan PorMedTec biotexnologik startapi tomonidan amalga oshirilmoqda. Kompaniya AQSHning eGenesis biotexnologik firmasi tomonidan yaratilgan genetik modifikatsiya qilingan cho‘chqalardan foydalanmoqda.
Rejaga ko‘ra, cho‘chqalardan olingan buyraklar Sapporodagi Xokkaydo universiteti shifoxonasi hamda Kanagava prefekturasidagi Shonan Kamakura umumiy shifoxonasida bemorlarga ko‘chirib o‘tkaziladi.
Mutaxassislarning fikricha, hayvondan insonga organ ko‘chirish transplantatsiya uchun donor organlar yetishmovchiligini kamaytirishning istiqbolli yo‘llaridan biri hisoblanadi.
Ma’lum qilinishicha, eGenesis kompaniyasi tomonidan boqilgan cho‘chqalarda immun tizimining yangi organni rad etishini kamaytirish va hayvon viruslarining insonga yuqish xavfini pasaytirish maqsadida 69 ta genetik o‘zgarish o‘tkazilgan.
AQSHda hozirga qadar ushbu texnologiya asosida to‘rtta klinik sinov olib borilgan. Ayrim bemorlar operatsiyadan so‘ng bir necha oy davomida dializ muolajasiga ehtiyoj sezmagan.
Yaponiyada hozirda 300 mingdan ortiq inson buyrak yetishmovchiligi sababli dializ muolajasini olmoqda. Shuningdek, qariyb 15 ming nafar bemor buyrak transplantatsiyasini kutmoqda. PorMedTec rahbari va Meydzi universiteti professori Xiroshi Nag‘ashima turlararo transplantatsiya kelajakda samarali tibbiy texnologiyaga aylanishi uchun ishlar davom ettirilishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyadagi PorMedTec startapi 2027 yilga borib odamlar uchun organ ko‘chirib o‘tkazish maqsadida klonlangan cho‘chqalarni (oddiy tabiiy yo‘l bilan tug‘ilmagan, balki genetik jihatdan aynan bir xil nusxa sifatida sun’iy laboratoriya sharoitida yaratilgan cho‘chqalarni) yetishtirishga mo‘ljallangan ferma ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi