Buxoroda 4 tup daraxt kesgan rahbar jarima va 400 tup ko‘chat ekish bilan jazolandi
Jamiyat
−
05 Sentabr 2023
3717Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yo‘l qurilish ishlari olib borilayotgani, qurilish davomida manzarali daraxtlar qo‘porib tashlangani haqida xabar tarqaldi. Ekologiya vazirligi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, yuqorida keltirilgan holat bo‘yicha Buxoro viloyati Ekologiya boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganish davomida G‘ijduvon tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan 4 tup manzarali daraxt qo‘porib tashlangani aniqlangan.
Buning ortidan esa korxona direktori E.F.ga nisbatan Ma’muriy javbgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) 2-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, daraxtlar qo‘porilishi oqibatida tabiatga 50 million 325 ming so‘m zarar yetkazilganligi aniqlanib, huquqbuzarga qo‘shimcha jazo tariqasida kesilgan daraxtlar o‘rniga jami 400 tup ko‘chat ekish va uni parvarishlash majburiyati yuklatilgan.
Tegishli hujjatlar E.F.ga nisbatan tegishli chora ko‘rish uchun sud organlariga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida 61 qimmatbaho navli daraxtlar noqonuniy kesib tashlanishi ortidan tabiatga 293 million 700 ming so‘m zarar yetkazilgani haqida xabar bergan edik. Mazkur daraxtlar tarkibida 2 tup chinor, 54 tup virgin archasi, 2 tup terak, 4 tup tol daraxtlari bo‘lgan.