Buxoroda 20 kishi koronavirusdan butkul davolandi
Jamiyat
−
16 aprel 2020
4508Bugun, 16 aprel kuni Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasidan yana 20 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Tuzalganlarning barchasi charter reys orqali Turkiyadan Buxoroga kelishgan bo‘lib, “Sitorai Mohi Xosa” sanatoriysida karantinga olingan edi. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Bemorlarning 10 nafari erkak, 10 nafari ayollardir. Ulardan 11 nafari Toshkent shahri, 4 nafari Samarqand viloyati, 2 nafari Jizzax viloyatidan, Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlaridan esa 1 nafarni tashkil etadi. Ular orasida eng yoshi kattasi 57 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 21 yoshda.
Bemorlarning darddan forig‘ bo‘lishida, shubhasiz, mazkur shifoxona tibbiyot xodimlarining birdamlikda olib borgan samarali davolash muolajalari muhim ahamiyat kasb etdi. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan shu paytga qadar 8 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 28 nafarga yetdi.
Ayni paytda qadar mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan jami 127 nafar bemor to‘liq sog‘aydi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha virus yuqtirganlar 1349 nafarga yetdi. Bugungacha kasallanganlarning 4 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi